20 nomdagi kitob mamlakatimiz kutubxonalariga tarqatilmoqda
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yoshlar oyligi” munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Tashabbuslar marafoni” doirasida “Kitob hashari” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Otabek Sobitov, “1000 kitob” loyihasi tarjimonlari, ekspertlari, hamkor nashriyotlar vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar loyiha tarjimonlari va ekspertlari bilan muloqot qilib, kitoblar yaratilishi ortidagi mehnat va tajribalar bilan yaqindan tanishdi.
Hashar davomida “1000 kitob” loyihasi doirasida chop etilgan navbatdagi 20 nomdagi kitob hududlarga jo‘natishga tayyorlandi. 59 ming nusxada nashr etilgan ushbu asarlar yaqin kunlarda yurtimiz kutubxonalariga yetib boradi.

Shuningdek, tadbir doirasida kitobxonlikka oid viktorina tashkil etildi. Faol ishtirok etgan yoshlar rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Kitob hashari” tadbiri doirasida tayyorlangan kitoblar karvoni Toshkent viloyatiga yetib bordi.

“1000 kitob” loyihasi doirasida nashr etilgan jahon adabiyotining sara durdonalari, ilmiy-ommabop va motivatsion asarlar endilikda mamlakatimiz kutubxonalari hamda yosh kitobxonlar uchun xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA