AKT mutaxassislari uchun raqamli ta’lim bo‘yicha trening o‘tkazilmoqda
Ma’lumki, bugungi kunga kelib kompyuter texnologiyalari barcha sohaga faol kirib keldi. Ayniqsa, undan ta’lim jarayonlarida manfaatli foydalanish ustuvor vazifaga aylandi.
Shu maqsadda, AKT mutaxassislari uchun raqamli ta’lim muhitini boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha trening tashkil etildi.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamkorligida o‘tkazilayotgan treningda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarining raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur trening “O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish: yuqori sifatli va inklyuziv ta’lim natijalariga erishish uchun AKT va raqamli ta’limdan foydalanish” loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.

Treningning asosiy maqsadi ta’lim sifatini oshirish, raqamli ta’lim platformalaridan samarali foydalanishni ta’minlash, sinflarni boshqarishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish hamda maktablarda barqaror raqamli ta’lim muhitini shakllantirishdan iborat.
Trening doirasida xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar, tajriba almashish sessiyalari hamda maktablarda raqamli transformatsiyani kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, ushbu tashabbus ta’lim muassasalarida zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish, AKT mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish hamda o‘quv jarayonining samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA