Milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritildi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining «Xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur qarorga ko‘ra, 2026-yil 21-yanvar sanasiga qadar 120 ballik tizim asosida olingan, ushbu sanadan keyin 6 (120) ballik tizim asosida olingan (olinadigan) Test of English as a Foreign Language – TOEFL iBT xalqaro sertifikati uchun uning amal qilish muddati tugagunga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’limga o‘qishga kirish, ishga qabul qilish hamda ustamalar belgilash bo‘yicha imtiyozlar qo‘llaniladi.

Jumladan, Teaching Knowledge Test (TKT) xalqaro sertifikati uchun ustama belgilanishida barcha (3 ta) modullardan oxirgi topshirilgan modulning sanasi asos sifatida hisobga olinadi.
Bundan tashqari, kasbiy ta’lim tashkilotlarining pedagoglari xorijiy tilda maxsus fanlarni o‘qitgani uchun ularning lavozim maoshiga nisbatan milliy va xalqaro tan olingan B2 sertifikati uchun 50 foiz, C1 sertifikati uchun 100 foiz miqdorda har oylik ustamalar beriladi.

2026-yil 3-iyun sanasiga qadar 700 ballik tizim asosida olingan Scholastic Assessment Test (Digital SAT) sertifikati bo‘yicha ustamalar belgilash yuzasidan imtiyozlar uning amal qilish muddati tugagunga qadar qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2026-yil 3-iyun sanasiga qadar olingan Astrum Certified IT Educator milliy sertifikati uchun uning amal qilish muddati tugagunga qadar (muddati cheklanmagan (belgilanmagan) sertifikatlar uchun sertifikat olingan kundan boshlab uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy ta’lim muassasalarida ustamalar belgilash bo‘yicha imtiyozlar qo‘llaniladi. Bunda, 2026-yil 3-iyun sanasidan keyin olingan yuqoridagi sertifikat uchun ustamalar belgilash bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilmaydi.
G.Boboyeva,
O‘zA