Zion Suzukining PSJga transferi amalga oshmadi
Transfer summasi deyarli kelishib bo‘lingandi — 30 million yevro va yana 5 million yevro bonuslar.
«Parma» darvozaboni Zion Suzukining PSJga transferi vositachilar komissiyani oshirgani sababli amalga oshmay qoldi.
Transfer summasi deyarli kelishib bo‘lingandi — 30 million yevro va yana 5 million yevro bonuslar. Futbolchining agentlari ham bitimning barcha shartlarini qabul qilishga tayyor edi.
Avval tomonlar vositachilar uchun 3 million yevro miqdorida komissiya belgilashga kelishgandi. Biroq «Parma» va PSJ tomonidan jalb qilingan vositachilar keyinchalik komissiyani 4 million yevrogacha oshirishni talab qilgan. Aynan shu holat muzokaralarning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Transfer amalga oshmagach, Angliyaning «Aston Villa» klubi Suzuki transferi bo‘yicha «Parma»ga so‘rov yuborgani haqida avvalroq xabar berilgandi.
Suzuki 2024-yil yozida Belgiyaning «Sent-Truiden» klubidan «Parma»ga 7,5 million yevro evaziga o‘tgandi. O‘tgan mavsumda yaponiyalik darvozabon 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, 30 ta gol o‘tkazib yubordi va 6 ta bahsda darvozasidan gol o‘tkazmadi.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, 23 yoshli futbolchining bozor qiymati 30 million yevroga baholanmoqda.