Zamonaviy maskan foydalanishga topshirildi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida nuroniylar uchun barpo etilgan zamonaviy va shinam maskan foydalanishga topshirildi. “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida amalga oshirilgan mazkur loyiha 1,5 milliard so‘mga baholanib, 1 ming 520 nafar fuqaroning qo‘llab-quvvatlovi bilan g‘olib deb topilgan.
Tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev hamda Sirdaryo viloyati “Nuroniylar” jamg‘armasi raisi O‘tbosar Abdiyev ishtirok etib, yangi maskanning ahamiyatiga alohida to‘xtaldilar. Ta’kidlanganidek, ushbu maskan nafaqat keksa avlod vakillari uchun dam olish hududi, balki ularning boy hayotiy tajribasi, maslahat va pand-nasihatlari yoshlar tarbiyasiga yo‘naltiriladigan muhim ijtimoiy markaz vazifasini ham bajaradi.

Mazkur tashabbus 2025-yil “Tashabbusli byudjet” dasturining birinchi mavsumi doirasida ilgari surilgan bo‘lib, qisqa muddatda keng jamoatchilik e’tiborini qozondi. Aholining faol ishtiroki natijasida loyiha yuqori ovoz to‘plab, amalga oshirish uchun tanlab olindi. Bu esa fuqarolarning jamiyat hayotidagi faolligi va daxldorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Qurilish ishlari “Siroj Nodir Hamkorligi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilib, inshoot zamonaviy me’moriy yechimlar asosida barpo etildi. Maskan barcha zarur sharoitlar — qulay o‘tirish joylari, suhbat va tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan xonalar bilan jihozlangan.
Yangi maskanning foydalanishga topshirilishi yurtimizda nuroniylarga bo‘lgan yuksak ehtirom va e’tiborning amaliy ifodasi bo‘lib, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, hayotiy tajribalarini yosh avlodga yetkazishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA