Navro‘zni ulug‘lash insonni ulug‘lashdir!
Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, ona-tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida to‘la namoyon qilib kelayotgan Navro‘z eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri.
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga oid keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos yuksak ma’naviy tayanch sanaladi.
Ayniqsa, bugun dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan hozirgi tahlikali davrda Navro‘zning buyuk insonparvarlik mohiyati, o‘lmas g‘oyalari, odamzotni tinchlik va do‘stlikni qadrlab, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda yashashga, hayotni yanada go‘zal va obod qilishga undaydigan bunyodkorlik ruhi va falsafasi yer yuzidagi turli xalqlarning olijanob intilishlariga ham uyg‘un va hamohangdir.

Bu yilgi bayram tantanalari mamlakatimizda “Navro‘zni ulug‘lash insonni ulug‘lashdir!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuqori darajada keng nishonlandi.
Ayyom munosabati bilan yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillari, qalbi orzu maqsadlarga limmo-lim yoshlar, har so‘zida hikmat, yuzidan nur yog‘ilib turgan nuroniylar bayram tantanalarida ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Navro‘zni ulug‘lash insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida bayram sayli o‘tkazildi.
Shodiyonada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Akademiya rektori Muzaffar Kamilov barchani Navro‘z bilan tabriklab, bayram muborak Ramazon oyi bilan qo‘shaloq tarzda nishonlangani, bahor ayyomi qut-baraka elchisi ekani, o‘zining barhayotligi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallayotganini ta’kidladi.

Tadbirda yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarni aks ettirgan sahna ko‘rinishlari, she’riy-musiqiy chiqishlar namoyish qilindi.
Akademiya talabalari tomonidan “Yorim do‘qi-do‘qi”, “Kelin salom”, “Go‘zal Toshkent”, “Xush kelding, Navro‘z” kabi qo‘shiqlar ijro etildi. Kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi xalq o‘yinlari tashkil etildi.
Hamkor oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida sportning voleybol, mini futbol, shaxmat-shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Bahoriy taomlar, kitoblar savdo yarmarkasi, kafedralar o‘rtasida “Osh chempionati”, turli millat va xalq hunarmandchiligi mahsulotlari, milliy atlas va adras liboslari ko‘rgazmasi tadbirga yanada fayz ulashdi.
Samarali ish faoliyati, o‘zining ilmiy, o‘quv-uslubiy yo‘nalishda erishgan yutuqlari hamda bayram munosabati bilan Akademiyaning bir guruh o‘qituvchi-xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.
Akademiya talabalari tomonidan Navro‘z va milliy urf-odatlarga oid badiiy chiqishlar, yurtimiz turli viloyatlarining o‘ziga xos an’analari aks etgan sahna ko‘rinishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi.
N.Usmonova, O‘zA