Kelajak loyihalari taqdimoti o‘tkazildi
Xorazm viloyatida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlarga loyiha natijalari haqida ma’lumot berilib, Urganch va Xiva tumanlarida o‘quv jarayonlari hamda o‘quvchilarning bilim darajasi bilan tanishtirildi.
Tadbir davomida iqtidorli o‘quvchilar o‘z loyihalarini taqdim etishdi. Jumladan, Shohjaxon O‘ktamov informatika olimpiadasining viloyat bosqichida 2-o‘rinni egallab, respublika yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani va «Yuk 24» loyihasi ustida ishlayotgani haqida ma’lumot berdi. Chamannoz O‘rozboyeva esa «Zippy” CRM tizimini ishlab chiqib, $1000 dan ortiq daromad topganini ta’kidladi.
Shuningdek, Munisbek tomonidan turizm yo‘nalishidagi ko‘p tilli veb-sayt va Telegram bot yaratilgani, Ozodbek Sobirov esa “Clinum” tibbiyot platformasi orqali $1200 dan ortiq daromadga erishgani ma’lum qilindi.
Loyiha doirasida o‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha ham yuqori natijalarga erishayotgani qayd etildi: 73 nafari CEFR, 56 nafari IELTS sertifikatiga ega.
Press-tur yakunida Xiva tumanida “Webmaster Challenge” o‘tkazilib, Sultanbayev Muhammad (1-o‘rin), Umrbekov Amirbek (2-o‘rin) va Abdusharipov Nuriddin (3-o‘rin) g‘olib deb topildi hamda sertifikatlar bilan taqdirlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4zQEYF2poHI" title="Kelajak loyihalari taqdimoti o`tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA