Zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi
Guliston tumanining “Yulduz” mahallasida yangidan qurilgan 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan loyiha uchun 4 milliard 650 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, muassasa zamonaviy talablar asosida qayta barpo etildi.
Yangi ta’lim maskanining ochilish marosimida tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev, nuroniylar, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda ota-onalar ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan rivojlantirish, bolalarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish hamda ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy natijalarini berayotganini ta’kidlashdi.
Qayd etilishicha, qurilish ishlari “Sirdaryo baraka qurilish” MCHJ tomonidan sifatli va belgilangan muddatlarda bajarildi. Natijada mahalla aholisi uchun yana bir zamonaviy ijtimoiy bino bunyod etildi.

E’tiborlisi, mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti dastlab 1983-yilda qurilgan bo‘lib, 90 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan edi. Yangi binoning foydalanishga topshirilishi natijasida muassasaning quvvati 150 o‘ringa yetkazildi. Bu esa mahallada maktabgacha ta’lim xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, bolalarni ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish darajasini yanada oshirish imkonini bermoqda.


Muassasada tarbiyalanuvchilar uchun keng va yorug‘ guruh xonalari, zamonaviy jihozlangan mashg‘ulot xonalari, o‘yin maydonchalari, oshxona va tibbiyot xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, bolalarning intellektual, jismoniy va ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.


Yangi bog‘chaning foydalanishga topshirilishi nafaqat ta’lim tizimi infratuzilmasini mustahkamlashga, balki mahalla aholisining ijtimoiy farovonligini oshirishga ham xizmat qiladi. Eng muhimi, bu yerda tarbiya oladigan yuzlab bolalarning baxtli bolaligi va mustahkam kelajagi uchun yana bir muhim poydevor yaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri