Milliy qadriyatdan iqtisodiy qudratga
Azaldan Buxoro nafaqat ilm-fan va ma’rifat markazi, balki noyob hunarmandchilik maktablari bilan ham dunyoga mashhur bo‘lgan. Asrlar davomida shakllangan kulolchilik, zargarlik, kashtachilik, misgarlik va boshqa xalq amaliy san’ati namunalari xalqimizning boy madaniy merosi sifatida qadrlanib keladi. Bugungi globallashuv davrida ushbu bebaho merosni saqlab qolish, uni zamonaviy iqtisodiy munosabatlarga moslashtirish va hunarmandlar mehnatining haqiqiy qadrini oshirish muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
Ana shu maqsadda Buxoro shahrida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tashabbusi bilan “Milliy qadriyatlar asosidagi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash hamda hunarmandchilik an’analarini zamonaviy brending va samarali sotuv yo‘llari orqali saqlab qolish” mavzusida yirik o‘quv-seminar tashkil etildi.
Nodir Devonbegi madrasasida bo‘lib o‘tgan tadbirni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov ochib berdi. U o‘z nutqida hunarmandchilik sohasi vakillari milliy qadriyatlarning haqiqiy muhofizlari ekanini ta’kidlab, partiya tomonidan ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Xususan, yaqinda qabul qilingan qonun muhokamalari jarayonida hunarmandchilik mahsulotlarini sanoat tovarlari qatoriga kiritish va ularni bir xil soliqqa tortishga qarshi qat’iy pozitsiya bildirilgani ham hunarmandlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

– Bugun dunyoda milliy hunarmandchilik mahsulotlariga bo‘lgan talab yil sayin ortib bormoqda. Hunarmandlar o‘z mehnatiga munosib daromad olishi va ular uchun keng bozor imkoniyatlari yaratilishi zarur. Biz bu yo‘nalishda ularning yaqin hamkori va ishonchli tayanchi bo‘lib qolamiz, – dedi partiya rahbari.
Mazkur loyiha dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilib, hunarmandlar, tadbirkorlar va soha mutaxassislari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan edi. U yerda bildirilgan takliflar, amaliy tavsiyalar va erishilgan ijobiy natijalar loyihani mamlakatning boshqa hududlarida ham davom ettirish zarurligini ko‘rsatdi.
Buxoroda tashkil etilgan navbatdagi bosqich esa hududning boy tarixiy merosi, sayyohlik salohiyati va qadimiy hunarmandchilik an’analarini hisobga olgan holda yanada keng qamrovli mazmunda o‘tkazilmoqda.

Seminarning asosiy maqsadi hunarmandlarni zamonaviy biznes muhitiga moslashtirish, ularning raqamli savdo ko‘nikmalarini oshirish va mahsulotlarini keng bozorlarga olib chiqishdan iborat.
Tadbir davomida ishtirokchilarga mahsulotlarni brending asosida ilgari surish, marketing va reklama strategiyalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlarda samarali targ‘ibot ishlarini tashkil etish, elektron tijorat platformalaridan foydalanish, yuqori sifatli foto va video kontent tayyorlash, mahsulotlarni zamonaviy qadoqlash va dizayn yechimlari bilan boyitish, mahalliy va xorijiy iste’molchilar talabini tahlil qilish, sotuv hajmini oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli biznes keyslari, amaliy tajribalar va xalqaro bozor talablari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Seminarda hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlariga alohida urg‘u berildi. Xususan, milliy mahsulotlarni xorijiy xaridorlar va sayyohlarga samarali taqdim etish, xalqaro elektron savdo maydonchalari bilan ishlash, eksport geografiyasini kengaytirish va milliy brendlarni shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda dunyo bozorida milliy ruh aks etgan, qo‘l mehnati asosida tayyorlangan mahsulotlarga qiziqish yuqori. Shu bois o‘zbek hunarmandlari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigi keng ochilmoqda.

– Mamlakatimizda hunarmandchilik mahsulotlarini onlayn sotish tizimi hali to‘liq shakllanmagan, – deydi “Kasb markazi” marketing bo‘limi rahbari Muhammadamin Muhammadazizov. – Ayniqsa, mahsulotlarni professional darajada suratga olish, videokontent tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilish bo‘yicha bilimlarga ehtiyoj yuqori. Bunday o‘quv-seminarlar hunarmandlarga zamonaviy raqamli iqtisodiyot talablarini anglash va elektron savdoda muvaffaqiyat qozonish uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.
Buxoroda o‘tkazilgan mazkur seminar oddiy tadbir emas, balki milliy qadriyatlarni iqtisodiy taraqqiyot omiliga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli harakatning muhim bo‘g‘inidir. U hunarmandchilikni saqlab qolish bilan cheklanib qolmay, uni zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga moslashtirish, raqobatbardosh milliy brendlarni yaratish va hunarmandlarning daromad manbalarini kengaytirishni maqsad qilgan.
Eng muhimi, bu tashabbus xalqimizning asrlar davomida sayqal topgan hunarlari va milliy an’analarini kelajak avlodlarga yetkazish bilan birga, ularni iqtisodiy farovonlik manbaiga aylantirishga xizmat qiladi. Qoraqalpog‘istondan boshlangan va bugun Buxoroda davom etayotgan mazkur loyiha kelgusida mamlakatimizning barcha hududlarida hunarmandlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi, milliy mahsulotlarimizni esa jahon bozorida yanada tanitishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri