Milliy g‘urur va hamjihatlik g‘oyalarini namoyon etgan tadbir
Sardoba tumanida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida “Mustaqillik marshi” yuqori saviya va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbir yurtga muhabbat, milliy g‘urur va hamjihatlik g‘oyalarini yana bir bor namoyon etdi.
Marshda taniqli san’atkorlar, “Ma’rifat targ‘ibotchilari” guruhi vakillari, tuman hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, yoshlar, sportchilar, ta’lim muassasalari jamoalari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir davomida mustaqillik yillarida mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan bunyodkorlik ishlari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.


Festival doirasidagi tadbirlar Sardoba tumani madaniyat markazida davom etdi. Bu yerda tashkil etilgan ko‘rgazmalarda xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, hunarmandchilik an’analari va amaliy san’at namunalari namoyish etildi. Milliy merosimizning betakror jihatlarini aks ettiruvchi eksponatlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.


Shuningdek, Axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi ham festival ishtirokchilari diqqat markazida bo‘ldi. Unda mustaqillik yillarida mamlakatimiz taraqqiyoti, Yangi O‘zbekiston bunyodkorligi, milliy davlatchilik tarixi va buyuk ajdodlarimiz hayotiga bag‘ishlangan adabiyotlar namoyish etildi.


Madaniyat markazida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tadbirning eng muhim qismlaridan biri bo‘ldi. Taniqli san’atkorlar va “Ma’rifat targ‘ibotchilari” ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda mustaqillikning bebaho ne’mati, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida fuqarolarning faol ishtiroki masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida ijro etilgan Vatan, tinchlik va ezgulikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuv ishtirokchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish va san’at hamda ma’rifat ahli bilan fikr almashish imkonini yaratdi.


Festival doirasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan muhim tashabbus ham amalga oshirildi. Xususan, Sardoba tumani hokimligi tomonidan Axborot-kutubxona markazi fondini boyitish maqsadida umumiy qiymati 20 million so‘mlik 251 nomdagi 668 nusxa badiiy adabiyot xarid qilinib, kutubxonaga tantanali ravishda topshirildi.


— Bugungi tadbirlar mustaqilligimizning qadri va ahamiyatini yanada teran anglash, aholi, ayniqsa yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ma’rifat, san’at va kitobxonlikni uyg‘unlashtirgan bunday tashabbuslar jamiyatimiz ma’naviy yuksalishining muhim omilidir, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zubayda Ahmedova.
Sardobada o‘tkazilgan “Mustaqillik marshi” va uning doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mustaqillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, milliy qadriyatlarga hurmatni kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va jamiyatda birlik hamda hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi.


Eng muhimi, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasidagi tadbirlar nafaqat Sardoba tumanida, balki Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida ham ko‘tarinki ruh, yuksak tashkiliy saviya va keng jamoatchilik ishtiroki bilan o‘tkazilmoqda. Bu esa xalqimizning mustaqillik g‘oyalariga sadoqati, Vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchining yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri