Yunusobodda "Yashil bog‘" saqlab qolindi
Bugun yashil maydonlarni saqlash va yanada ko‘paytirish masalasi har qachongidanda dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi. Zero, yashillik ekologik muammolarni yumshatish, atmosfera havosini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi.
Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari va deputatlari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Yunusobod tumani Adolat mahallasi 80/14- va 80/1-uylar oldidagi yashil hududni "Yashil bog‘" sifatida tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Ekologik partiyasiga bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushgan edi. Mazkur murojaat asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori talablari hamda mutasaddi tashkilotlarning ilmiy xulosalari asosida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Adolat mahallasi hududidagi 2 500 kvadrat metr yer maydonida "Yashil bog‘" barpo etilishi belgilangan bo‘lib, yashil hududni saqlash, muntazam parvarishlash hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatilgan. Qaror ijrosini ta’minlash va amalga oshirilayotgan ishlarning holatini joyida o‘rganish maqsadida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, shuningdek, Ekopartiyadan saylangan mahalliy Kengash deputatlari S.Fayziyeva, Sh.Umarxo‘jayeva, O.Tuganbekov, N.Voropayeva, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Yunusobod tuman partiya tashkiloti raisi Sh.Abduqodirova hamda OAV vakillari ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida "Yashil bog‘"ni tashkil etish ishlari, mavjud daraxtlarning saqlanish holati, ularni sug‘orish, oziqlantirish va parvarishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar ko‘zdan kechirildi. Deputatlar mahalla faollari va mas’ul tashkilotlar vakillari bilan muloqot o‘tkazib, Kengash qarorida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, yashil hududning kelgusida samarali saqlanishi hamda fuqarolar uchun qulay ekologik maskan sifatida rivojlantirilishi yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berdi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan qabul qilingan mazkur qaror ijrosi deputatlarning doimiy nazoratida bo‘lib, "Yashil bog‘"ni barpo etish va uni asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar izchil monitoring qilib boriladi.
M.Komilova,
O‘zA