Armatura va qurilish materiallarining sifati – nazoratda
Sifatsiz materiallar va konstruksiyalarning zaif elementlarini o‘z vaqtida aniqlash qurilayotgan ob’ektlarni ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamaytirishga va muhandislik inshootlarining ishonchliligi hamda xavfsizligini oshirishga imkon beradi.
Shu maqsadda Xorazm viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasida “Qurilish-sinov laboratoriyasi” tashkil etilgan.

Laboratoriya qurilish materiallari va inshootlari sifatini nazorat qilish hamda qurilish ekspertizasi sohasida faoliyat yuritib, ob’ektlarda turli sinov, tekshiruv va o‘rganishlarni amalga oshirmoqda.


– Qurilishda qo‘llanilayotgan materiallarning sifatini tekshirish va bajarilayotgan ishlarni nazorat qilish qurilish ishlab chiqarish jarayonida muhim o‘rin tutadi, – deydi hududiy inspeksiya bosh mutaxassisi Doniyor Yovbosarov. – Hozirda bu yerda 45 xil turdagi sinovlar malakali mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda. Laboratoriyada namunalar zamonaviy sinov uskunalari yordamida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Sinov jarayonida armaturaning diametri va geometrik o‘lchamlari, cho‘zilishdagi mustahkamligi, oquvchanlik chegarasi, nisbiy uzayishi kabi muhim ko‘rsatkichlar aniqlanadi.

Ayni paytda hududiy inspeksiya “Qurilish-sinov laboratoriyasi” mutaxassislari tomonidan qurilish ob’ektlarida ham nazorat tadbirlari olib borilayotganligi sababli barpo etilayotgan binolar va inshootlarda qo‘llanilayotgan qurilish materiallari sifati, ularning me’yoriy-texnik hujjatlari hamda belgilangan standartlarga muvofiqligi chuqur o‘rganilmoqda.

Shuningdek, olib borilayotgan sinov va tahlil ishlari qurilish ob’ektlarining sifatli barpo etilishi, ularning uzoq muddat xizmat qilishi hamda aholi uchun xavfsiz va qulay shart-sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri