«Yoshlik devoni» – shoir ijodining navqironlik sadosi
“Adabiy do‘stlik – Abadiy do‘stlik” shiori ostida o‘tayotgan xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivalining yana bir anjumani Marg‘ilonda bo‘ldi. Dastlab festival ishtirokchilari so‘z san’atining buyuk namoyondasi Erkin Vohidov yodgorligi poyiga ehtirom ramzi sifatida gul qo‘ydilar. Bu aslida so‘z qudratiga ehtirom edi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 90 yilligi arafasida uning qayta nashr etilgan «Yoshlik devoni» kitobi taqdimoti boshlandi. Adabiyot va she’riyat muxlislarini bir davraga jamlagan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir ulug‘ shoir xotirasini yodga olish, uning boy adabiy merosini yanada keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim voqealardan biri edi.

Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, taniqli ijodkorlar, adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilar, adabiyot bayrami ishtirokchilari so‘zga chiqdilar. Ta’kidlanganidek, Erkin Vohidov o‘zbek adabiyoti tarixida o‘ziga xos maktab yaratgan, milliy she’riyatni yangi badiiy tafakkur, yuksak falsafiy mushohada va betakror siymolar bilan boyitgan ijodkordir. Uning she’rlarida Vatanga muhabbat, inson qadri, milliy g‘urur, ona tiliga ehtirom va hayot haqidagi teran o‘ylar mujassam.
Qayta nashr etilgan «Yoshlik devoni» esa shoir ijodining ilk davrlariga nazar tashlash, uning adabiyot olamiga qanday orzu-intilishlar, qanday qalb tug‘yonlari bilan kirib kelganini yana bir bor anglash imkonini beradi. Kitobdagi she’rlardan yoshlikning beg‘ubor tuyg‘ulari, muhabbat va hayotga oshuftalik, inson ruhiyatining nozik kechinmalari o‘rin olgan.
Minhojiddin Mirzo o‘z so‘zida Erkin Vohidov ijodining milliy adabiyotimizdagi o‘rni, shoir asarlarining avlodlar ma’naviy kamolotidagi ahamiyati haqida to‘xtaldi. Bunday kitoblarning qayta nashr etilishi, ayniqsa, yosh avlodni milliy she’riyatning eng yaxshi namunalari bilan tanishtirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

So‘zga chiqqanlar Erkin Vohidov shaxsiyati va ijodiy merosining o‘ziga xos qirralariga e’tibor qaratdi. Ularning fikricha, haqiqiy shoirning umri uning she’rlarida davom etadi. Erkin Vohidov ham o‘zining betakror so‘zi, yuksak badiiy mahorati va xalq qalbiga yaqin ijodi bilan bugun ham kitobxonlarga zamondosh bo‘lib yashamoqda.
Tadbir davomida shoirning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid xotiralar, adabiyot haqidagi fikr-mulohazalar bildirildi. Erkin Vohidov qalamiga mansub she’rlar o‘qildi, uning ijodiy merosining bugungi adabiy jarayondagi ahamiyati sahna lavhalarida aks ettirildi.
– Ilgari xorijdan bir mehmonni chaqirish mushkul edi. Bugungi adabiyot bayramining o‘zida o‘ttizga yaqin mamlakat vakillari ishtirok etmoqda, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – Ular o‘zbek adabiyoti namunalarini, biz esa xorij adabiyotini tarjima qilayapmiz.
dabiyotga bunday almashuvlar kerak. Biz qorinni o‘ylaydigan davrdan o‘tganmiz. Endi ma’naviyatni yuksaltirish, adabiyotni rivojlantirish vaqti keldi. Adabiyot xalqning ruhini, yuragini yaratadi.
Aytish joizki, «Yoshlik devoni»ning qayta nashr etilishi – bir avlod qalbidan joy olgan she’rlarni yangi avlodga yetkazish, adabiyotimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan ijodkorning ma’naviy olamiga yana bir bor sayohat qilish demakdir.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA