Dohada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Qatar poytaxti Doha shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu markaz faoliyati, uning ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarini xalqaro jamoatchilikka tanitish taqdimotning asosiy maqsadi bo‘ldi.
Markaz matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu nufuzli tadbir Qatar Tashqi ishlar vazirligi Diplomatiya institutida o‘tkazilib, uning doirasida xalqaro ilmiy seminar ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Qatarning ilm-fan, ta’lim hamda madaniyat sohalari vakillari ishtirok etdi. Anjumanda Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, islom ilmlarining rivojlanishi va ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir O‘zbekistonning Qatardagi elchisi Ashraf Xo‘jayev, Qatar davlat vaziri va Milliy kutubxona raisi doktor Hamad bin Abdulaziz al-Kuvoriy hamda Qatar Sivilizatsiyalar alyansi qo‘mitasi vakili doktor Ahmad bin Hasan al-Hammodiyning kirish so‘zlari bilan ochildi.

Qatar Milliy kutubxonasi raisi doktor Hamad bin Abdulaziz al-Kuvoriy o‘z nutqida O‘zbekistonning jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.
Uning ta’kidlashicha, Movarounnahr zamini asrlar davomida butun insoniyat taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgan buyuk mutafakkir va olimlarni yetishtirib bergan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarning ilmiy merosi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shuningdek, u Buxoro, Samarqand va Toshkentning Buyuk ipak yo‘lidagi muhim markazlar bo‘lganini qayd etdi. Bu shaharlar orqali nafaqat savdo-sotiq rivojlangan, balki turli xalqlarning bilim va tajribasi, ilmiy qarashlari ham keng tarqalgan.

Xalqaro seminarda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi: missiyasi, loyihalari va hamkorlik yo‘nalishlari» mavzusida ma’ruza qildi. U Markazning tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsadlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, O‘zbekistonning ko‘p asrlik ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini keng yoritish hamda ushbu bilimlarni yosh avlodga yetkazish Markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari ekani ta’kidlandi.

Firdavs Abduxoliqov tarixiy merosga faqat o‘tmishdan qolgan boylik sifatida qarash to‘g‘ri emasligini qayd etdi. Uning fikricha, har bir qo‘lyozma, har bir ilmiy asar va kashfiyot ortida katta mehnat, izlanish va tafakkur mujassam. Shu bois tarixiy obidalar va madaniy boyliklarni saqlash bilan birga, ularning mazmun-mohiyatini bugungi avlodga tushunarli tarzda yetkazish ham muhim.
—Meros oldidagi mas’uliyatimizni to‘rt vazifada ko‘ramiz: asrash, o‘rganish, boyitish va kelgusi avlodlarga yetkazish. Merosni asrab xotiramizni saqlaymiz, uni o‘rganib tafakkurimizni boyitamiz, yangi bilim yaratib sivilizatsiya davomiyligini ta’minlaymiz, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F.Abduxoliqov.
Uning fikricha, Markazga tashrif buyurgan yoshlarda ajdodlar merosiga qiziqish bilan birga, ilm-fanga intilish va yangi kashfiyotlar qilish istagi ham uyg‘onishi kerak. Zero, tarixiy merosning eng katta qadri uning bugungi va kelajak avlodlar uchun yangi imkoniyatlar ochib berishida namoyon bo‘ladi.

Seminar davomida O‘zbekiston zaminida shakllangan ilmiy maktablar, islom ilmlari taraqqiyoti va buyuk allomalarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan ma’ruzalar ham tinglandi.
Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari ham muhokama qilindi. Xususan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro konferensiyalar tashkil etish, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, arab tilini o‘rganish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish borasida tajriba almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Qatardagi Hamad bin Xalifa universiteti Islom tadqiqotlari fakultetining Islom sivilizatsiyasiga musulmonlar qo‘shgan hissani o‘rganish markazi katta ilmiy tadqiqotchisi Muhammad Modassir Ali ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, Qatar arab tilini o‘qitish, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor. O‘zbekiston esa o‘zining boy tarixiy va madaniy merosi orqali ushbu hamkorlikka munosib hissa qo‘sha oladi. Bunday sheriklik nafaqat ilmiy aloqalarni, balki ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni ham mustahkamlaydi.
Taqdimot doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilgan kitoblar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Ishtirokchilar ushbu nashrlar orqali O‘zbekistonning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosi, buyuk allomalar hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA