Anqarada Turon sivilizatsiyasi mavzusi xalqaro ilmiy maydonga olib chiqildi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan 20-Turk tarixi xalqaro kongressida ishtirok etdi. Turk tarixi jamiyati tomonidan har to‘rt yilda bir marta tashkil etiladigan mazkur nufuzli anjumanda olim «Turon sivilizatsiyasi» mavzusida ma’ruza qildi.
Akademik o‘z chiqishida turkiy xalqlar tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir masalaga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ilmiy adabiyotlar va darsliklarda Mesopotamiya, Misr, Xitoy, Hind, Eron, Yunon, Rim, hatto Ink sivilizatsiyalari haqida ma’lumotlar uchraydi. Biroq shuncha boy tarixiy merosga ega bo‘lgan Turon sivilizatsiyasi aksariyat hollarda alohida sivilizatsion hodisa sifatida tilga olinmaydi.
Vaholanki, Turonning o‘ziga xos geografik makoni, siyosiy tuzilishi, iqtisodiy va ijtimoiy hayoti, boy ilmiy-madaniy merosi hamda e’tiqodiy qarashlari uni mustaqil sivilizatsion jarayon sifatida o‘rganish uchun yetarli asos beradi.

Ma’ruzada bugungi tarixiy qarashlarning shakllanishida o‘tmishdagi siyosiy jarayonlar ham muhim o‘rin tutgani qayd etildi. Xususan, sovet davrida olib borilgan «maydalab yut» siyosati natijasida Turon va Turkistonning yaxlit tarixiy manzarasi parchalandi. Mintaqaning o‘tmishi alohida hududlar va xalqlar tarixi doirasida talqin qilinib, uning umumiy sivilizatsion ildizlarini o‘rganishga yetarlicha e’tibor berilmadi.
1991-yilda O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan tarixni milliy manfaatlar va haqqoniy ilmiy yondashuv asosida qayta o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Biroq, uzoq yillar davomida shakllangan ayrim qarashlar va ularning asoratlarini bartaraf etish oson kechmadi.

Akademik Azamat Ziyo so‘nggi 35 yil davomida o‘zbek tarixchilik maktabi milliy o‘zligini qayta tiklash, tarixiy haqiqatni ilmiy asosda yoritish va xalqaro maydonda o‘z so‘zini aytish yo‘lida salmoqli natijalarga erishganini ta’kidladi.
U o‘z ma’ruzasida Turon sivilizatsiyasining geografik chegaralari, siyosiy va iqtisodiy asoslari, ijtimoiy hayoti, ilmiy va madaniy taraqqiyotiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, ushbu zamindan yetishib chiqqan buyuk allomalar va tarixiy shaxslarning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlarining jahon sivilizatsiyasi tarixidagi beqiyos ahamiyatini ilmiy dalillar asosida ochib berishga harakat qildi.
Ma’ruzaning muhim jihatlaridan biri Turon tarixiga faqat o‘tmish sifatida qaramaslik, balki uni bugungi avlodning milliy o‘zligi va kelajak taraqqiyoti bilan bog‘liq muhim ma’naviy asos sifatida anglash zarurligi bo‘ldi.

Akademikning fikricha, Turon tarixini chuqur o‘rganish, tarixiy manbalarni asrab-avaylash, mavjud ilmiy merosni yangi tadqiqotlar bilan boyitish va uni kelajak avlodlarga yetkazish tarixchi olimlar zimmasidagi muhim mas’uliyatdir. Bu boradagi ilmiy natijalarni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Turon sivilizatsiyasi g‘oyasi va uni tizimli ravishda ilmiy o‘rganish, xalqaro ilmiy jamoatchilikka keng tanitish tashabbusi kongress ishtirokchilari tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.
Tashrif davomida akademik Azamat Ziyo Turkiya Otaturk madaniyat, til va tarix yuksak kengashi rahbari Daryo O‘rs hamda Turk tarixi jamiyati rahbari Haluk Selvi bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar davomida turkiy mamlakatlar tarixi, umumturkiy tarixiy meros va Turon sivilizatsiyasini ilmiy jihatdan o‘rganish, bu boradagi tadqiqotlarni muvofiqlashtirish hamda ularning natijalarini xalqaro miqyosda yoritish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar ochiq va amaliy ruhda o‘tib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash, aniq vazifalarni qamrab olgan «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq, degan fikrga kelindi.
Anqaradagi ushbu ishtirok va uchrashuvlar Turon sivilizatsiyasi tarixini xalqaro ilmiy muhokama maydoniga olib chiqish, turkiy mamlakatlar o‘rtasida tarix sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda umumiy tarixiy merosni birgalikda o‘rganish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA