"Yoshlar oyligi" samarali o‘tmoqda
Toshkent viloyati talabalari "Yoshlar oyligi" doirasida aql va chaqqonlikni sinovchi "Quvnoqlar va zukkolar" ko‘rik-tanlovida bellashdi. Viloyat kubogini kimlar qo‘lga kiritdi?
“Yoshlar oyligi” va 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Toshkent viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent viloyat Kengashi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovda jamoalar Toshkent viloyat kubogini qo‘lga kiritish uchun o‘zaro bellashdi. Asosiy maqsad – yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini boyitish, iste’dodli va tashabbuskor talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirish.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent viloyat Kengashi raisi S.Fayziyeva ishtirokchi jamoalarga muvaffaqiyat tiladi. Kasaba uyushmalari tomonidan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar haqida to‘xtalib, ushbu ko‘rik-tanlov ham ana shunday muhim tashabbuslardan biri ekanini ta’kidladi. Tanlov davomida jamoalar “Toshkent viloyatida nima gaplar?”, “Hakamlar bilan savol-javob” hamda “Musiqiy chiqish” shartlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Jamoalarning chiqishlari madaniyat va san’at sohasi vakillari, kasaba uyushmalari mutaxassislari hamda jamoatchilik faollaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Chirchiq davlat pedagogika universitetining “Parvoz” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab, Toshkent viloyati kubogi sohibiga aylandi. Ikkinchi o‘rinni Toshkent davlat agrar universitetining “Yangi yulduzlar” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetining “Amakivachchalar” jamoasi qo‘lga kiritdi.
Yakunda g‘oliblar va maxsus nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar diplomlar, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA