Xalqaro reytingda yanada yuqori pog‘ona
Farg‘ona davlat universiteti xalqaro nufuzli “Times Higher Education (THE) Impact Rankings 2026” reytingida o‘z ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilab, jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari orasida yanada yuqori o‘rinni egalladi.
Universitet 2024 va 2025-yillarda mazkur reytingning 1001–1500 pog‘onalari guruhidan joy olgan bo‘lsa, 2026-yil yakunlariga ko‘ra 801–1000 pog‘onalar guruhiga ko‘tarildi. Bu natija universitetning ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot faoliyati va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi tizimli ishlari xalqaro miqyosda e’tirof etilganini anglatadi.
Reytingning alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ham Farg‘ona davlat universiteti yuqori natijalarni qayd etdi. Jumladan, “Sifatli ta’lim” yo‘nalishida dunyo bo‘yicha 201–300 o‘rinlar guruhidan, “Ochlikka barham berish” (SDG 2) yo‘nalishida 201–300 o‘rinlar guruhidan hamda “Tengsizliklarni qisqartirish” (SDG 10) yo‘nalishida 301– 400 o‘rinlar guruhidan joy oldi.
Mazkur natijalar universitetda sifatli va inklyuziv ta’lim muhitini shakllantirish, zamonaviy ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etish hamda barqaror taraqqiyot maqsadlariga xizmat qiluvchi loyihalarni izchil amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning amaliy ifodasidir.
Bugungi kunda Farg‘ona davlat universiteti mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida ta’lim, ilm-fan va innovatsiya sohalarida o‘z salohiyatini izchil oshirib bormoqda. Universitetda xalqaro standartlar asosida malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy maktablarni rivojlantirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlikni kengaytirish va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda universitetda raqamli ta’lim texnologiyalari keng joriy etilgani, ilmiy tadqiqotlar sifati oshirilgani, xalqaro loyihalar va akademik mobillik dasturlari ko‘lami kengaygani FarDUning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, “Times Higher Education Impact Rankings” natijalari universitetlarning nafaqat ta’lim sifati, balki ularning jamiyat taraqqiyoti, ekologik barqarorlik, ijtimoiy mas’uliyat va innovatsion rivojlanishga qo‘shayotgan hissasini ham baholaydi. Shu ma’noda, Farg‘ona davlat universitetining bu yilgi yutug‘i mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Qayd etish joizki, mazkur natija universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, talabalari, bitiruvchilari hamda xalqaro hamkorlarining birgalikdagi samarali mehnati va hamjihatligi mahsulidir. Bu esa Farg‘ona davlat universitetining xalqaro ta’lim makonidagi raqobatbardoshligini yanada oshirish, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yangi marralarni zabt etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA