“Xitoy – Yevrosiyo” EKSPOsi strategik sheriklik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi
Yevrosiyo makonida savdo-iqtisodiy aloqalar va transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim xalqaro tadbirlardan biri 9-xalqaro “Xitoy – Yevroosiyo” EKSPOsi Xitoyning Urumchi shahrida o‘z ishini boshladi. Forum mintaqada investitsiyaviy sheriklikni mustahkamlash, innovatsiyalar almashinuvini rag‘batlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
25-29-iyun kunlari Shinjon xalqaro ko‘rgazmalar markazida o‘tkazilayotgan EKSPOda dunyoning 27 mamlakat va mintaqasidan 2 mingdan ziyod kompaniya hamda tashkilot ishtirok etmoqda. Forum doirasida xalqaro savdo, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot va transport-logistika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinmoqda.
Ko‘rgazmaning asosiy mavzularidan biri “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan.
Ayni paytda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik ruhida izchil rivojlanmoqda. Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va erishilgan kelishuvlar natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot yangi mazmun bilan boyib, savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport-kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda.
Shu nuqtai nazardan, Urumchida o‘tkazilayotgan mazkur EKSPO O‘zbekiston uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. U mamlakatimiz ishbilarmon doiralari va investorlari uchun yangi sheriklar topish, istiqbolli loyihalarni ilgari surish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladigan samarali maydon hisoblanadi.
Ko‘rgazmaning salmoqli qismi innovatsiyalar va yuqori texnologiyalarga bag‘ishlangan. Unda sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, intellektual ishlab chiqarish, robototexnika, “yashil” energetika hamda zamonaviy sanoat yechimlari namoyish etilmoqda. Bu esa ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish va ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish borasida o‘zaro tajriba almashish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
EKSPO doirasida 80 dan ortiq investitsiya forumi, sohaviy konferensiya, biznes uchrashuvlari va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlar yangi qo‘shma loyihalarni shakllantirish, investitsiyaviy sheriklikni mustahkamlash hamda xususiy sektor o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.
Shinjon bugun Xitoyni Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘lovchi muhim transport-logistika hamda savdo markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu esa mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va xalqaro yuk tashish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishda muhim omildir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rais Si Szinpin rahbarligida O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari keyingi yillarda tarixiy yuksalish bosqichiga chiqdi. Ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam siyosiy ishonch va strategik sheriklik iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlarida aniq amaliy natijalar bermoqda. Shu ma’noda, Urumchidagi 9-xalqaro “Xitoy – Yevrosiyo” EKSPOsi nafaqat Yevrosiyo makonidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, yangi investitsiya loyihalari va savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladigan muhim xalqaro maydon sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA