Yosh dizaynerlarning milliy liboslari namoyishi
Nurafshon shahridagi “Vatanparvar bog‘i”da yoshlar, moda va milliy qadriyatlarni birlashtirgan yirik madaniy loyiha — “Milliy Fashion Show”ning Toshkent viloyati bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyat Kengashi tashabbusi bilan Toshkent viloyati hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi va boshqa ko‘plab hududiy tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda tuman-shaharlarning 10 nafar iqtidorli yosh dizaynerlari tomonidan tayyorlangan milliy va zamonaviy liboslar kolleksiyalari namoyish etildi. Ayniqsa, atlas va adras matolaridan tikilgan, milliy kashtachilik unsurlari bilan boyitilgan zamonaviy liboslar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Har bir kolleksiyada milliy qadriyatlar va zamonaviy moda uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ldi.

— Bu loyihaga milliy matolardan tayyorlangan 12 ta zamonaviy andozalardagi liboslarni namoyish qildik, — deydi piskentlik yakka tartibdagi tadbirkor Sohiba Abdujabborova. — Taqdimot uchun ko‘p vaqt tayyorgarlik ko‘rdik. Liboslar hakamlar tomonidan yuqori baholanganidan xursandman. Tikuvchilikda faoliyatimni boshlaganimga 4 yil bo‘lgan bo‘lsa ham hozirgacha 10 nafar shogirdim bor. O‘zimiz tayyorlagan liboslarimizni hududlarda o‘tkazilayotgan turli ko‘rgazmalarda namoyish qilyapmiz. Ayollar, yosh qizlarimizning qiziqishi katta bo‘lyapti. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda milliy va zamonaviy uyg‘unlashgan liboslarimiz ommalashtirilmoqda.

Tadbir davomida sahnada milliy kuy-qo‘shiqlar, ijodiy chiqishlar hamda konsert dasturlari namoyish etilib, tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlandi. Kelgan mehmonlar va yoshlar milliy moda namunalari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, loyihada viloyat faollari, blogerlar, dizaynerlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari ham ishtirok etdi. Tadbir mehmonlari tomonidan loyiha yosh dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy merosimizni asrab-avaylash va uni zamonaviy ko‘rinishda targ‘ib qilishga xizmat qilayotgan muhim tashabbus sifatida alohida e’tirof etildi.

Hakamlar tomonidan barcha ishtirokchilarning taqdimotlari yuqori baholandi. G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Umuman olganda “Milliy Fashion Show” yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etish, milliy moda industriyasini rivojlantirish hamda o‘zbek milliy liboslarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan yirik madaniy loyiha sifatida barchada iliq taassurot qoldirdi.
A. Musayev, O‘zA