OKMK nufuzli xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Xalqaro mis uyushmasi tashabbusi bilan 2019-yilda tuzilgan “Copper Mark” tashkiloti tomonidan The Copper Mark va The Molybdenum Mark sertifikatlari taqdim etildi.
Mazkur sertifikatlar mis va molibden mahsulotlarining Yevropa bozorlarida raqobatbardoshligini ta’minlashi bilan ahamiyatli sanaladi.
Taqdim etilgan sertifikatlar kombinatning jahon miqyosida “mas’uliyatli mis va molibden ishlab chiqaruvchi” ekanini hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq faoliyat yuritayotganini tasdiqlaydi.
Etiborlisi, OKMK Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida ushbu sertifikatlarni qo‘lga kiritgan birinchi korxona bo‘ldi. Jarayon doirasida kombinat xalqaro audit tomonidan 32 ta mezon asosida baholanib, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy xulosaga ega bo‘ldi.

Bu o‘z navbatida, kombinatga xalqaro bozorlarga to‘siqsiz chiqish hamda transmilliy gigant kompaniyalar bilan yetkazib beruvchi sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga, mazkur sertifikatlar investorlar va jamoatchilik ishonchini oshirish, ESG-risklarni kamaytirish hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘larini yanada jozibador shartlarda jalb qilish uchun qulay sharoit yaratadi.

“Mas’uliyatli ishlab chiqaruvchi” xom-ashyosidan foydalangan holda mahalliy elektrotexnika sanoati korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, kombinatning xalqaro talablarga muvofiq faoliyat yuritishi respublikaning ekologiya, ijtimoiy soha va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: ushbu nufuzli sertifikatlar Xalqaro mis uyushmasi tashabbusi bilan 2019-yilda tuzilgan “Copper Mark” tashkiloti tomonidan beriladi va London metallar birjasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (38 ta davlat kiradi, 2026-yil fevral oyida O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan) va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinadi.
O‘zA