G‘oliblar respublika bosqichiga yo‘llanma oldi
Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning “Bo‘zatov festivali” – “Yoshlar ovozi – 2026” tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mahalla yoshlarining musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, milliy san’at va madaniyatni rivojlantirish, yosh san’atkorlar orasida ijodiy muhitni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan “Yoshlar ovozi – 2026” tanlovida 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh san’atkorlar baxshichilik, an’anaviy, opera va estrada ijrochiligi yo‘nalishlarida o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
– Andijon viloyatining mahalla bosqichlarida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 40 ming nafardan ziyod yosh san’atkor ishtirok etdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Naziraxon Ubaydullayeva. – Tanlovning tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 113 nafar ishtirokchi viloyat bosqichida qatnashib, o‘zlarining iste’dod va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Yuqori ko‘tarinkilik, qizg‘in bahslar ostida o‘tgan tanlovda yosh ijodkorlarning milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, san’atga oshuftalik hamda kelajakka bo‘lgan orzu-intilishlar o‘z aksini topdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida Andijon shahridan Ilyosbek Umarov, Jalaquduq tumanidan Odinaxon Abdumuxtorova, Sirojiddin Sultonov, estrada yo‘nalishida Andijon shahridan Rayona Shokirjonova, Marhamat tumanidan Asliddin Xolmatov, Buloqboshi tumanidan Kamron Jamshidov, opera yo‘nalishida Jalaquduq tumanidan Abdulaziz Arziboyev, Andijon shahridan Sarvar Ismoiljonov, Asaka tumanidan Yulduz Muxtorova, baxshichilik yo‘nalishida 16-22 yosh toifasida Xo‘jaobod tumanidan Salime Jiyanbayeva, 23-30 yosh toifasida Andijon tumanidan Samandar Gulboyev g‘olib deb topilib, tanlovning respublika bosqichida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
[gallery-29378]
– Tanlovda g‘olib bo‘lib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldim, – deydi tanlovning an’anaviy ijrochilik yo‘nalishi g‘olibi Odinaxon Abdumuxtorova. – Respublika bosqichida ham yuqori o‘rinlarni egallashga harakat qilaman. Umuman, ushbu tanlov menga o‘z iqtidorimni ko‘rsatish, katta sahnada qo‘shiq kuylash, eng muhimi, ko‘plab do‘stlar orttirish uchun imkon berdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.