Yo‘llar ta’miri: hududlardagi ishlar ko‘lami qanday?
Yo‘llar — aholi kundalik hayoti, hududlar iqtisodiy faolligi va transport harakatining barqarorligini ta’minlovchi muhim infratuzilma.
Shu bois hududlarda yo‘llarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda joylarda yo‘llarning holatini yaxshilash, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda aholi uchun qulay transport sharoitini yaratish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumotlarni taqdim etdi.

BUXORO. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – “Inson qadri uchun” tamoyilini amalda ta’minlash, aholining turmush farovonligini oshirish va hududlarda zamonaviy infratuzilmani shakllantirishdan iborat. Bu borada Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari alohida qayd etish mumkin.
Xususan, tumandagi “Darg‘ali” mahalla fuqarolar yig‘inida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va aholiga munosib turmush sharoitini yaratish borasida manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda mahallaning “Oqrabot” qishlog‘ida 1,5 kilometr, shuningdek, Barhayot qishlog‘ida 4,1 kilometr masofadagi ichki yo‘llarni asfaltlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Ayniqsa, “Barhayot” qishlog‘ining barcha ichki yo‘llari to‘liq asfaltlashtirilgani mahalla ahli uchun uzoq kutilgan quvonchli voqea bo‘ldi. Yillar davomida aholini qiynab kelgan, ayniqsa, yog‘in-sochinli kunlarda turli noqulayliklar tug‘dirgan yo‘l muammosi fuqarolarning murojaatlari asosida o‘z vaqtida amaliy yechim topdi. Jami 5,6 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarning ravon va sifatli holatga keltirilishi natijasida qishloqlararo va mahalla ichidagi transport harakati xavfsiz va qulay ko‘rinishga keldi.

NAVOIY. Navoiy viloyati ham bu kabi o‘zgarishlardan chetda qolmayapti. Konimex tumani “Guliston” mahallasining ichki yo‘llarida asfaltlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, hududda yoritish tarmoqlari o‘rnatilayotgani natijasida aholi uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda. Mazkur amaliy ishlar natijasida mahallaning ichki yo‘llari obod qilinib, hududning tashqi qiyofasi yanada chiroy ochmoqda. Bunyodkorlik ishlari Konimex tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan 10 dona maxsus texnika va 15 nafar ishchi-xodim jalb etilgan holda amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari Konimex tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan xalqaro ahamiyatga ega A379 “Navoiy – Uchquduq, Zarafshon shahri orqali” avtomobil yo‘lining 98–101-kilometrlari oralig‘ida ham ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur ishlar yo‘lning texnik holatini yaxshilash, transport vositalarining xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan. Karmana tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan davlat ahamiyatiga ega D188 (4R69) “A380 avtomobil yo‘li (220 km.) – Buxoro parrandachilik fabrikasi – Siyozpoyon q. – 41-temir yo‘l raz’ezdi – “To‘dako‘l” ko‘li – Navoiy sh.” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

SURXONDARYO. Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarining holatini yaxshilash, aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish maqsadida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Sariosiyo tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan mahalliy ahamiyatdagi 75V 048 “Tortuli–G‘azarak–Erman” avtomobil yo‘lida asfalt-beton qoplamasini yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda.
Boysun tumani Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi tomonidan tumanning “Temir darvoza” MFY hududida joylashgan ichki xo‘jalik avtomobil yo‘lida tegishli qaror ijrosini ta’minlash maqsadida yo‘l qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda mazkur yo‘lda mayda zarrali issiq asfalt-beton qorishmasi yordamida yo‘l qoplamasini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlarning asosiy maqsadi aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitini yaratish, yo‘lning transport qatnovi uchun yaroqliligini oshirish hamda hudud yo‘l infratuzilmasini yanada yaxshilashdan iborat. Angor tumani Yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi tomonidan D165 avtomobil yo‘lining 38–39-kilometrlari oralig‘ida asfaltlash ishlari olib borilmoqda.

QORAQALPOG‘ISTON. Qoraqalpog‘iston Respublikasi D234 “Nukus—Chimboy—Taxtako‘pir” avtomobil yo‘lining Kegayli tumani hududidan o‘tuvchi 21–22-kilometr qismida yo‘lni kengaytirish ishlari boshlab yuborilgan. Yo‘lning ushbu qismi avval 12 metr kenglikda bo‘lgan. Amalga oshirilayotgan ishlar yakunlangach, yo‘lning eni 22 metrga yetkaziladi. Bu esa mazkur hududda transport vositalarining harakatlanishi uchun yanada qulay sharoit yaratish, yo‘lning o‘tkazuvchanligini oshirish hamda harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
XORAZM. Xorazm viloyatidagi 2 202 kilometr avtomobil yo‘lida ham qish mavsumida xavfsiz va uzluksiz harakatni ta’minlash uchun zarur materiallar hamda 117 ta maxsus texnika shay holatga keltirilgan.

SAMARQAND. Samarqand M37 “Samarqand - Buxoro – Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining Narpay tumani hududidan o‘tuvchi 105-km qismida va D075 avtomobil yo‘lining 5-km qismida joylashgan kesishmada yer osti piyodalar o‘tish yo‘li qurilmoqda. Ob’ekt buyurtmachisi Samarqand AYBB, loyihachi – “Yo‘l injiniring loyiha” MCHJ, ob’ekt bosh pudratchisi esa “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri Samarqand filiali DM. Loyiha doirasida piyodalar o‘tish yo‘lagining asosiy o‘tish qismida qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, hozirda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Ob’ektdagi ta’mirlash-tiklash ishlariga 12 ta maxsus texnika hamda 40 nafardan ziyod ishchi-xodim jalb etilgan. Qurilish-montaj ishlari 2026-yilning iyun oyida boshlangan bo‘lib, ob’ektni 2026-yilning oktabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
NAMANGAN. Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on, Uychi va Norin tumanlari aholisi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik infratuzilma loyihasining qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.Norin daryosi ustida yangi qurib bitkazilgan ko‘prikka olib keluvchi mazkur avtomobil yo‘li aholi uchun harakatlanish masofasini qisqartirib, transport qatnovini yanada qulaylashtiradi. Ushbu yo‘lning Uchqo‘rg‘on tumani, «Qozoqovul» mahallasidan o‘tuvchi qismi 5,5 kilometrni tashkil etib, ayni paytda bu yerda asos tayyorlash ishlari olib borilmoqda.Mazkur ko‘prik va yo‘l foydalanishga topshirilgach davlat ahamiyatidagi D 109 (4R 116) “Namangan sh.–Uychi sh.–Uchqo‘rg‘on sh.–Xaqqulobod sh.–Andijon sh.” avtomobil yo‘lidagi transport oqimi va tirbandliklarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

SIRDARYO. Sirdaryo tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi xodimlari tomonidan Sardoba tumanidan o‘tuvchi D063a avtomobil yo‘lida yo‘l qoplamasining holatini yaxshilash, transport vositalarining xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlash maqsadida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ishlar yo‘lning belgilangan qismlarida bosqichma-bosqich olib borilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda yo‘l qoplamasining foydalanish holatini yaxshilashga qaratilgan.

Bugungi kunda yo‘llarni ta’mirlash va ularning sifatini yaxshilash ishlari hududlarni kompleks rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi uchun xavfsiz va qulay harakat sharoitini yaratish, transport qatnovini yengillashtirish hamda yo‘l infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishdir. Zero, sifatli yo‘l nafaqat manzilga tez va xavfsiz yetib borish, balki hududning iqtisodiy va ijtimoiy rivoji uchun ham muhim omil hisoblanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA