Nazariyadan amaliyotga
Bugun oliy ta’lim oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — talabaga faqat diplom emas, balki zamonaviy mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan amaliy bilim va mustahkam kasbiy ko‘nikma berishdir. Zero, bugungi ish beruvchi nazariy bilim bilan bir qatorda, ishlab chiqarish jarayonini biladigan, zamonaviy texnologiyalarni egallagan va muammoga mustaqil yechim topa oladigan mutaxassisni izlamoqda.
Shu ma’noda mamlakatimizda ta’limni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash, yoshlarga o‘qish jarayonining o‘zida kasbiy tajriba orttirish imkonini yaratishga qaratilgan dual ta’lim tizimi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim sifatini oshirish, oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash hamda mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dual ta’lim ana shu ezgu maqsadlarni amaliyotga tatbiq etishning samarali mexanizmlaridan biri sifatida shakllanmoqda.
Buxoro davlat texnika universitetida dual ta’lim shakli bo‘yicha darslarning boshlanishi ham mazkur yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biridir.
Ta’limning ushbu shaklini yanada samarali tashkil etish, universitet va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Germaniyaning Kassel universiteti professori Maykl Albert Zyobish Buxoro davlat texnika universitetiga tashrif buyurdi.


Tashrif doirasida professor universitet rektori Sadoqat Siddiqova bilan uchrashdi. Muloqotda dual ta’limni yanada rivojlantirish, ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish hamda Germaniya tajribasini mahalliy sharoitga mos ravishda joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Professor Maykl Albert Zyobish bir hafta davomida universitet jamoasi va ishlab chiqarish korxonalari vakillari uchun dual ta’limni tashkil etishga bag‘ishlangan seminar-treninglar o‘tkazadi.
Seminarning dastlabki kuni Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova tomonidan ochib berildi. Kirish so‘zida universitetda dual ta’limni rivojlantirish, nazariy bilimlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda xalqaro tajribaning ahamiyati ta’kidlandi.
Dual ta’limning eng muhim jihati shundaki, talaba faqat auditoriyada bilim olib qolmaydi. U o‘qish jarayoni bilan bir vaqtda real ishlab chiqarish muhitiga kirib boradi, zamonaviy uskunalar bilan ishlashni o‘rganadi, jamoada mehnat qilish tajribasini orttiradi va tanlagan kasbining haqiqiy mohiyatini amaliyotda anglay boshlaydi.
Bu esa “diplom bor, ammo tajriba yo‘q” degan muammoni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Seminar-treninglarda dual ta’limning samarali modellari, universitet–korxona hamkorligini yo‘lga qo‘yish, talabalarni ishlab chiqarish jarayoniga integratsiya qilish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va ta’lim sifatini oshirish masalalari bo‘yicha Germaniya tajribasi taqdim etilmoqda.


Xususan, Germaniyada dual ta’limni tashkil etishning amaliy mexanizmlari, korxonalar bilan hamkorlik qilish usullari, talabaning bilim va ko‘nikmalarini baholash yondashuvlari hamda ta’lim jarayonining ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unligini ta’minlash masalalari ishtirokchilar e’tiboriga havola qilinmoqda.
Bu tajribaning ahamiyati shundaki, universitet va ish beruvchi o‘rtasidagi aloqa oddiy hamkorlik doirasidan chiqib, kadr tayyorlashning yagona tizimiga aylanadi.
Zamonaviy iqtisodiyotda texnologiyalar jadal o‘zgarmoqda. Kechagi bilim bugun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun oliy ta’lim muassasalari ham o‘z yondashuvlarini doimiy ravishda yangilab borishi zarur. Dual ta’lim esa bu jarayonda muhim ko‘prik vazifasini bajaradi.
Bir tomonda — universitetdagi fundamental bilim, ikkinchi tomonda — korxonadagi real ish jarayoni. Ularning uyg‘unligi natijasida esa nazariyani amaliyotda qo‘llay oladigan mutaxassis shakllanadi.
Eng muhimi, bunday tizim talabani mehnat bozoriga tayyor holda olib chiqish imkonini beradi. Korxona esa o‘z ehtiyojiga mos kadrni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Kassel universiteti professori Maykl Albert Zyobishning Buxoroga tashrifi oddiy seminar yoki tajriba almashish tadbiri emas. U universitet, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga qaratilgan muhim amaliy qadamdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri