«Yangiobod» bozori yangilanadi
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdagi “Yangiobod” bozorini yangilash ishlari rejalashtirilmoqda. Bunda bozorning odatiy ixtisoslashuvi va o‘ziga xos muhiti saqlab qolinib, hududdagi sharoitlarni yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Shahar jamoat infratuzilmasini yangilash, aholi uchun uning ochiqligi, xavfsizligi va qulayligini oshirish borasida izchil ish olib borilmoqda. Bu ishlar dastlab mahallalar, piyodalar yo‘laklari va boshqa jamoat joylarini obodonlashtirishdan boshlangan bo‘lib, bugungi kunda shahar bozorlarini ham qamrab olgan.
Ana shunday ob’ektlardan biri «Yangiobod» bozoridir. Qayd etilishicha, uning odatiy qiyofasini o‘zgartirish yoki uni boshqa formatdagi bozorga aylantirish maqsad qilinmayapti. Asosiy maqsad «Yangiobod»ni shu yerda ishlaydiganlar va tashrif buyuruvchilar uchun qulayroq, xavfsizroq va shinamroq qilish.

Jumladan, hududni obodonlashtirish, sanitariya sharoitlari, xavfsizlik, zarur infratuzilma, qulay o‘tish yo‘laklari va avtoturargohni yangilash ishlari olib boriladi. Ya’ni, har qanday zamonaviy shahar bozorida bo‘lishi shart bo‘lgan oddiy sharoitlar qilinadi.
Shu bilan birga, «Yangiobod»da ishlayotgan sotuvchilar o‘z savdo o‘rinlarini saqlab qoladi. Bozorning odatiy ixtisoslashuvi va eng muhimi, uning o‘ziga xos muhiti ham saqlanib qoladi. Hozirda shahar loyihachilar bilan birgalikda «Yangiobod»ni yangilash konsepsiyasini ishlab chiqmoqda.
Qayd etilganidek, bu shunchaki qog‘ozda yaratilgan loyiha emas, balki ushbu bozorda haqiqatan ham muhim bo‘lgan insonlarning fikri inobatga olingan yechim bo‘lishi muhim. Shu bois loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi. Har bir inson taklif etilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishishi, o‘z fikrini bildirishi, savollar berishi va takliflar kiritishi mumkin bo‘ladi.
Shaharning prinsipial vazifasi — odamlar manfaatlarini hisobga olgan holda, «Yangiobod»ning o‘ziga xos qiyofasi va muhitini saqlab qolib, ayni vaqtda yanada xavfsiz, qulay va zamonaviy muhit yaratishdan iborat.
G.Boboyeva,
O‘zA