“Jajji nurli yulduzlar” tanlovi o‘tkazildi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Jajji nurli yulduzlar” tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovning dastlabki bosqichlarida respublika bo‘yicha 7 ming 800 ga yaqin jamoa tarkibida 28 ming 688 nafar tarbiyalanuvchi ishtirok etdi. Ular orasidan saralangan 14 ta jamoa – 70 nafar jajji iste’dod egasi respublika bosqichida o‘z qobiliyati va ijodiy mahoratini namoyish etdi.
Tanlovning asosiy maqsadi – maktabgacha yoshdagi iste’dodli bolalarni aniqlash, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, milliy madaniyat va san’atga qiziqishini oshirish hamda milliy va umumbashariy qadriyatlarni keng targ‘ib qilishdan iborat.

Bu yil tanlovda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ham ishtirok etdi. Bu esa bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qildi.
Tanlov “Folklor” yo‘nalishida o‘tkazilib, ishtirokchilar xalq ertaklari, maqol va matallar, alla, milliy o‘yinlar hamda an’analarni aks ettiruvchi ijodiy chiqishlarini namoyish etdi.
Ishtirokchilarning chiqishlari milliy qadriyatlarni aks ettirishi, ijro sifati, jamoaviy uyg‘unlik, sahna madaniyati, milliylik va ijodiy yondashuv kabi mezonlar asosida baholandi.
[gallery-31001]
Tanlov yakunida Respublika bosqichi g‘oliblari va sovrindorlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Usmonova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA