Yangi maskanlar yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda
Bugungi kunda poytaxtimizda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahar infratuzilmasini yaxshilash, aholiga qulay muhit yaratish maqsadida ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish va kanallar atrofini sayilgohlarga aylantirish ishlari jadal davom etmoqda.
Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi "O‘zbekiston ovozi" ko‘chasi 24/7 gastronomik va turizm maskaniga aylantirildi. Endi bu yerda kun-u tun hayot qaynaydi. Yorqin chiroqlar, gavjum kafelar, sayr qilayotgan odamlar va zamonaviy shahar muhiti shahar jozibasini oshirdi. 2 kilometrdan ortiq hududda yuzlab tadbirkorlik ob’ektlari faoliyat yuritmoqda. Minglab insonlar bu yerga dam olish, sayr qilish va vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tashrif buyurmoqda.

–Ko‘chamiz rekonstruksiya qilingandan keyin gastronomik-turistik ko‘cha sifatida o‘z maqomiga ega bo‘ldi, – dedi tadbirkor Anvar Boboyev. –Hozirda odamlar serqatnov go‘shaga aylandi. Buning quvonarli yana bir jihati shundaki, ishchi o‘rinlari ko‘paydi. Mahalla aholisi, yoshlar ish bilan ta’minlandi. Yosh tadbirkorlar uchun ham qo‘shimcha ishlar yaratildi.
–Avvallari bu ko‘chalar juda tor edi, – dedi mahalla faoli Mukambar Sobirova. – Avtomobillarning ketma-ket turishi aholi uchun tirbandlik va noqulaylik keltirardi. Hozirgi o‘zgarishlar sabab esa avtoulovlar tartib bilan qo‘yilmoqda va maydonlar sayr qilishga arzigulik joylarga aylandi. Biz mahalladagilar bu kabi imkoniyatlarni bergan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.

Poytaxtimizning “Moviy gumbazlar” xiyobonidagi skeyt parkda ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bugun bu joy ko‘plab havaskorlar va sportga qiziquvchilarni bir joyga jamlamoqda. So‘nggi yangilanishlardan so‘ng maydoncha yanada kengaydi. Jumladan, uning hududi 600 kvadrat metrdan 1300 kvadrat metrga yetkazildi. Sport elementlari soni esa 5 tadan 13 taga ko‘paytirildi.
Mazkur maydoncha skeytbord, velosiped, rolik va boshqa g‘ildirakli sport vositalarida uchish, turli tryuklarni bajarish hamda ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan. Bu yerda mashq qilish, faol hordiq chiqarish va yangi do‘stlar orttirish mumkin.

Shuningdek, Olmazor tumanidagi “Yoshlik shaharchasi”da tashkil etilgan “Yoshlar maskani” endi minglab talabalarning sevimli uchrashuv va hordiq joyiga aylanmoqda.
–Men “Yoshlar maskani”ga juda ko‘p borib turaman, – dedi talaba Sabina Tolipova. – Sababi, bu yerdagi muhit va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bizga juda yoqadi. Bu yerda biz yig‘ilib turli xil kitoblar o‘qiymiz, o‘qigan asarlarimizni muhokama qilamiz. Bu jarayonlar bizning talabalik davrimizni mazmunli va esda qolarli bo‘lib o‘tishiga sabab bo‘lmoqda.

–Bu yerga asosan o‘rtoqlarim bilan dam olgani kelamiz, – dedi talaba Mohichehra Qudratova. – Voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka o‘yinlarini o‘ynaymiz. Har joyda kuzatuv kameralari o‘rnatilgani uchun bu joylar talaba-yoshlar uchun xavfsiz joylar hisoblanadi.

Bu yerda yoshlar sport bilan shug‘ullanishi, kitob o‘qishi, shaxmat o‘ynashi yoki shunchaki do‘stlari bilan vaqt o‘tkazishi mumkin. Hududda food truck’lar, sport maydonchalari, kutubxona va zamonaviy dam olish zonalari bor.
Yuqorida keltirganlarimiz hali xamir uchidan patir. Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy inshootlar, obod etilayotgan hududlar yurtimiz ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA