Ayollar uchun bepul sayyor tibbiy ko‘rik tashkil etildi (+video)
Yurtimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan joylarda tashkil etilayotgan sayyor tibbiy ko‘riklar ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Bektemir tumanida ham 45 yoshdan oshgan ayollar uchun sayyor mammografiya tadbirlari 18 kundan buyon davom etmoqda. Ushbu tashabbus ayollar salomatligini mustahkamlash, sut bezi kasalliklarini erta bosqichda aniqlash hamda profilaktik choralarni kuchaytirishga qaratilgan.
Tadbir doirasida tumandagi poliklinikalar orqali ayollar tibbiy ko‘rikka jalb etilmoqda. Ular maxsus zamonaviy mammografiya apparati o‘rnatilgan sayyor tibbiy mashinalarda bepul tekshiruvdan o‘tkazilyapti.
Mutaxassis shifokorlar tomonidan har bir murojaatchiga individual yondashilib, zarur tavsiyalar berilmoqda. Mammografiya tekshiruvlari orqali sut bezidagi o‘zgarishlarni erta aniqlash imkoniyati yaratilib, bu esa kasalliklarning oldini olish va samarali davolashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida ayollar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, onkologik kasalliklar profilaktikasi va muntazam tibbiy ko‘rikning ahamiyati haqida tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
Mas’ullarning ta’kidlashicha, bunday sayyor tibbiy xizmatlar aholiga qulaylik yaratish bilan birga, xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EDBo51zfhJA" title="Ayollar uchun bepul sayyor tibbiy ko‘rik tashkil etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, U.To‘xtayev (montaj), O‘zA