Bemor bolajonlarga sog‘lom hayot ulashilmoqda
Xorazm viloyatida “Bolalarni qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondi tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun navbatdagi xayriya tibbiy aksiyasi boshlandi.
Mazkur aksiya doirasida Turkiyadan tashrif buyurgan yuqori malakali ikki nafar mutaxassis, plastik jarroh va umumiy jarroh ishtirokida murakkab operativ amaliyotlar o‘tkazilmoqda.
– Bolajonlarda lab sohasidagi murakkab jarrohliklarni shu yerlik shifokorlar bilan birga amalga oshirmoqdamiz, – deydi turkiyalik plastik jarroh Mehmet Bo‘zkurt. – Barcha amaliyotlarimiz muvaffaqqiyatli o‘tkazilmoqda. O‘ylaymanki bu orqali bir necha bolajon va ularning oilasiga quvonch ulashamiz. O‘zbekistondagi shunday xayrli ishda ishtirok etayotganimdan xursandman.
Ta’kidlash joizki, ushbu amaliyotlarga tayyorgarlik bir oy avval boshlangan edi. Xorazm viloyatida turkiyalik shifokorlar tomonidan 300 nafardan ortiq bemor chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy xulosalar asosida murakkab operatsiyaga ehtiyoji bor bemorlar saralab olindi.
Ana shu saralangan 50 nafardan ortiq bolada murakkab jarrohlik amaliyotlari aynan Xorazmning o‘zida, “Bolalarni qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondi homiyligida mutlaqo bepul amalga oshiriladi.
– Bu murakkab jarrohlik amaliyotlari mahalliy shifokorlar uchun ham malaka oshirish darslarini o‘tamoqda, – deydi xorazmlik shifokor Ne’mat Xo‘jaboyev. – Bizda jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Endilikda turkiyalik hamkasblarimizning tajribasini o‘rganib, ular ketganidan so‘ng ham murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘zimizning shifokorlar davom ettiradi.
Ushbu loyiha Fond tomonidan izchil davom ettirib kelinayotgan ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Xususan, turkiyalik shifokorlarning O‘zbekistonga tashrifi Fond tomonidan 8-bor tashkil etilmoqda. Bungacha bu kabi xayriya tibbiy aksiyalari Toshkent, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Farg‘ona viloyatlarida muvaffaqiyatli o‘tkazilib, yuzlab bolalarning sog‘lig‘ini tiklashga xizmat qilgan.
– Prezidentimizdan minnatdorman. Boshim yerga tekkunicha ta’zim qilaman, – deydi Quvonbeka Egamberdiyeva. – Nevaramning lab sohasidagi kamchiliklarini bir amaliyotda tuzatib berishdi. Uning chehrasi, tabassumi, hayotga, o‘ziga bo‘lgan ishonchi o‘zgardi. Endi hech kimdan tortinmaydi, uyalmaydi. Juda xursand. Ushbu xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha yaxshi insonlarga ming rahmat.
[gallery-29526]
Eng muhimi, ushbu bemorlarning barchasi ijtimoiy himoyaga muhtoj, olis hududlarda yashovchi, davolanish imkoniyati cheklangan oilalar farzandlari hisoblanadi. Mazkur tashabbus orqali nafaqat malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, balki oilalarning yillar davomida yechilmay kelgan muammolariga amaliy yechim taqdim etilmoqda.
“Bolalarni qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday insonparvar tashabbuslar mamlakatimizda bolalar salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda har bir bolaning sog‘lom kelajagini ta’minlashga qaratilgan ezgu ishlarning yorqin ifodasidir.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbiri