Xalqaro sambo federatsiyasi ishchi guruhi Toshkentda
Xabaringiz bor, joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida sambo bo‘yicha 50-jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli turnirning mamlakatimizga ishonib topshirilishi Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS)ning yurtimizga bo‘lgan yuksak ishonch namunasidir.
Kuni kecha jahon chempionati oldidan olib borilayotgan tayyorgarlik bilan tanishish maqsadida Xalqaro sambo federatsiyasining ishchi guruhi Toshkentga keldi.
Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti apparati rahbari Oleg Artyomyuk, sport direktori Sergey Tabakovlardan iborat Ishchi guruh a’zolari yurtimizda Jahon chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar bilan tanishish asnosida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov, Osiyo-Okeaniya sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullayev, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov bilan uchrashdi.
Muloqot jarayonida FIAS mutasaddilari musobaqa o‘tkaziladigan arena, mehmonxonalar va boshqa bir qator manzillardagi tayyorgarlik ishlariga yuqori baho berdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur jahon chempionati musobaqalari 6-8-noyabr kunlari Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA