Murodjon Ahmadaliyev ertaga Toshkentda jang qiladi
Poytaxtimizdagi "Humo arena" majmuasida ertaga, 29-may kuni professional boks kechasi tashkil etiladi.
Kecha “WBC Eurasia”, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi hamda “Lift Promotion” hamkorligida o‘tkazilib, bellashuvlar davomida xalqaro reyting ochkolari uchun kurashlar bilan birga ayrim vazn toifalarida “WBC Eurasia” chempionlik kamarlari sohiblari ham aniqlanadi.

Musobaqa markaziy janglarining birida jahon professional ringida yuqori natijalar qayd etib kelayotgan Murodjon Ahmadaliyev venesuelalik Egli Moskedaga qarshi navbatdagi jangini o‘tkazadi. Shuningdek, ikki karra Olimpiya chempioni kubalik Robeysi Ramires hamda mahoratli bokschi Asror Vohidov o‘rtasida ham jang bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Og‘ir vazn toifasida Olimpiya chempioni Lazizbek Mullajonov “WBC Eurasia” chempionlik kamari uchun venesuelalik Luis Xose Marin Garsiya bilan ringa ko‘tariladi. Yana bir Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Abdumalik Xaloqov esa tanzaniyalik Ramadxan Iddiga qarshi jang qiladi.
Shuningdek, boks oqshomida bir qator qiziqarli bahslar bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA