Futbol xabarlari
-
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Estoniyada U17 Yevropa chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu chempionatning 29-may kuni bo‘lib o‘tadigan Fransiya hamda Daniya jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni hamyurtimiz Asker Najafaliyev boshqarib boradi. Hakamimizga qanotlarda Ruslan Serazitdinov (O‘zbekiston), Eraklis Komodromos (Kipr) yordam beradi.
***
Argentinalik murabbiy Nestor Lorenso qo‘l ostidagi Kolumbiya terma jamoasi bir necha kun oldin mundialda ishtirok etadigan futbolchilari ro‘yxatini taqdim etdi. Unda 26 nafar futbolchi nomi keltirilgan bo‘lib, bir qator taniqli futbolchilarga joy yetmay qoldi.
Eslatib o‘tamiz, Kolumbiya “K“ guruhida O‘zbekiston, Kongo DR va Portugaliya bilan ro‘baro‘ keladi. Ular ilk turni 18-iyun kuni O‘zbekistonga qarshi o‘tkazadi.

***
Kelgusi mavsumda Angliya Premer-ligasining bir yo‘la to‘qqizta klubi Yevropa turnirlarida qatnashadi.
Bunga sabab "Kristal Pelas" o‘z tarixidagi ilk yevrokubok sovrinini qo‘lga kiritgani bo‘ldi.
Konferensiyalar g‘olibiga aylangan bu jamoa 2026/2027-yilgi mavsum uchun Yevropa ligasi yo‘llanmasiga ham ega bo‘ldi. "Burgutlar" Premer-ligada 15-o‘rinni egallab, chempionat orqali yevrokuboklarga yo‘llanma ololmagan edi.
2026/2027-yilgi mavsumda Chempionlar ligasida "Arsenal", "Manchester Siti", "Manchester Yunayted", "Aston Villa" va "Liverpul" jamoalari ishtirok etadi. Yevropa ligasida "Bornmut", "Sanderlend" va "Kristal Pelas" to‘p suradi. Konferensiyalar ligasida esa "Brayton" klubi o‘ynaydi.

***
"Nyukasl" jamoasining hujumkor yarim himoyachisi Entoni Gordon "Barselona"ga o‘tmoqda. Gap shundaki, Angliya klubi rahbariyati va Saudiya Arabistonidan bo‘lgan egalari kataloniyaliklarning rasmiy taklifini qabul qilgan.
"Barselona" Gordon uchun 70 million yevro va qo‘shimcha bonuslar to‘laydi. Umumiy summa 80 mln. yevrodan oshadi. Entoni tibbiy ko‘rikdan o‘tish va shartnoma imzolash uchun shu hafta Ispaniyaga yo‘l oladi. Gordon bu mavsum APLning 26 ta o‘yinida 6 ta gol urib, 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

***
“Neftchi” klubi 9-iyun sanasidan ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayonlarini boshlaydi. Rejaga ko‘ra, yig‘inning birinchi bosqichi 9-24-iyun kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida tashkil etiladi.
8-iyul kuni “Neftchi” Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida amaldagi mamlakat chempioni — “Zenit” jamoasiga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Bahs zamonaviy va muhtasham “Gazprom Arena” stadionida bo‘lib o‘tadi va jamoa ushbu uchrashuvda mehmon sifatida ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA