“Uzbekistan Airways” AJ sayyor qabul o‘tkazdi
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “Uzbekistan Airways” AJ rahbariyati ishtirokida yo‘lovchi tashish va ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, aholining aviakompaniya faoliyati bilan bog‘liq muammoli masalalarini tezkor hal etish va fuqarolarga murojaat qilish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda jismoniy va yuridik shaxslar, aviachiptalar sotuvi agentlari, sayyohlik kompaniyalari, tadbirkorlik sub’ektlari va yoshlar ishtirok etdi.
Sayyor qabulda “Uzbekistan Airways” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Shuhratillo Yadgarov, “Uzbekistan Helicopters” MCHJ direktori Hakimboy Utamov yo‘lovchi hamda yuk tashish bilan bog‘liq masalalar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, aviaqatnovlarni ko‘paytirish va fuqarolarning havo transportida harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida aviakompaniya oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
[gallery-29418]
– Bugungi uchrashuv biz yoshlar uchun juda foydali va samarali bo‘ldi, – deydi Navoiy davlat universiteti talabasi Nargiza Xoliqulova. – Uchrashuvda aviakompaniya rahbariyatiga o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildik. Shuningdek, taklif va tavsiyalarimizni bildirdik. Men amaliyotimni aeroportda o‘tashni xohlashimni aytdim. Rahbariyat bu borada amaliy yordam berishini bildirdi.
Uchrashuvda yoshlar tomonidan uchuvchi va bort kuzatuvchi kasblari, malaka oshirish bo‘yicha berilgan savollarga aviakompaniya rahbariyati batafsil ma’lumot taqdim etdi. Shuningdek, sayyohlik kompaniyalari tomonidan qo‘shimcha reyslar tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari