Tabiat va kelajak uchun mas’uliyat hissi
Bugungi kunda ekologik muvozanatni saqlash, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish hamda barqaror rivojlanishga o‘tish masalalari xalqaro kun tartibining ustuvor yo‘nalishlariga aylanmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, o‘rmonlarning kesilishini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston ham global iqlim kun tartibida faol ishtirok etib, barqaror rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirib kelmoqda. Joriy yilning 22-aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy ekologik sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ekologik barqarorlikni shakllantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bu esa mamlakatning ekologiya sohasidagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda e’tirof etilganining muhim tasdig‘iga aylandi.
Davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda quyosh va shamol energetikasi jadal rivojlanmoqda, xalqaro investorlar ishtirokida yirik infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilmoqda hamda an’anaviy uglerod talab qiluvchi energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda mamlakat generatsiya quvvatlarida “yashil” energetikaning ulushi 30 foizga yetdi, 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 50 foizdan oshirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mamlakatda energiya samaradorligini oshirish va sanoatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish energiya iste’molini kamaytirish, issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirish va barqaror iqtisodiyotni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Metan chiqindilarini kamaytirish, “yashil” moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda uglerod tartibga solish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Iqlim siyosatining muhim tarkibiy qismlaridan biri chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirishdir. Yaqin yillarda aholining qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish xizmatlari bilan qamrovi 95 foizga yetishi, chiqindilarning bir qismidan esa energiya ishlab chiqarishda foydalanilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda ekologik toza transport faol rivojlantirilmoqda, elektromobillardan foydalanish kengaymoqda hamda zararli chiqindilarni kamaytirish va shahar muhiti sifatini yaxshilashga qaratilgan “yashil” shahar koridorlari yaratilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi sohasidagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonda issiqxona gazlari tashlamalarini hisobga olish, monitoring qilish va hisobot yuritishning zamonaviy tizimi shakllantirilmoqda, milliy iqlim infratuzilmasi rivojlantirilmoqda hamda xalqaro ekologik boshqaruv standartlari joriy etilmoqda.
Ekotizimlarni tiklash va Orolbo‘yi ekologik inqirozi oqibatlariga qarshi kurashish alohida yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Hududda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va Orol dengizi qurishi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan yirik o‘rmon-melioratsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” tashabbusi doirasida 6,1 million gektar maydonda, jumladan, Orolbo‘yining 2,3 million gektar hududida o‘rmonlarni tiklash ishlari olib borilmoqda, shuningdek, 1 milliard daraxt ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar allaqachon mintaqadagi eng yirik ekologik tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etilgan.
Toza energetika hajmining ortishi va “yashil” sanoatning rivojlanishi nafaqat atrof-muhitga tushadigan yuklamani kamaytirmoqda, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush sifatini yaxshilash va yanada qulay shahar muhitini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, iqlim xavflariga moyil hududlar aholisi uchun olib borilayotgan islohotlar muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va boshqa iqlim xatarlariga bardoshlilikni oshirishga yordam bermoqda.
Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning iqlim siyosati borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholamoqda. Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro tashkilotlar mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va ekologik investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratishdagi barqaror taraqqiyotini e’tirof etmoqda. O‘zbekistonning Parij kelishuvi doirasida yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissasini taqdim etgani munosabati bilan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ijroiya kotibi Simon Still tomonidan yo‘llangan minnatdorlik maktubi xalqaro e’tirofning yana bir muhim tasdig‘i bo‘ldi.
Yangi majburiyatlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2035-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga qisqartirish va 2055-yilga qadar uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan. Ushbu maqsadlar mamlakatning nafaqat xalqaro majburiyatlarni bajarishga, balki uzoq muddatli barqaror va past uglerodli rivojlanish modelini shakllantirishga intilayotganini ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA