«US Open»: Kamilla Rahimova dunyoning eng kuchli tennischisi bilan o‘ynaydi
O‘zbekistonlik tennischi Kamilla Rahimova "US Open-2026" turnirida keyingi bosqichga yo‘l oldi. Endi u Arina Sobolenkoga qarshi kotga chiqadi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida tennis bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi «US Open-2026» turniri ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Amerika ochiq chempionatining ikkinchi davrasida Kamilla Rahimova ispaniyalik Oksana Selexmetovaga qarshi kortga chiqdi. Uchrashuvning birinchi setida tennischimiz 6:3 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchi setda raqibiga birorta ham geymni boy bermadi — 6:0.
Shu tariqa, uchinchi davraga yo‘l olgan K.Rahimova musobaqa yakuniga ko‘ra 130 reyting ochkosi va 290 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritishni kafolatladi. Endi u navbatdagi bosqichda dunyoning birinchi raqamli tennischisi, belaruslik Arina Sobolenko bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, «US Open-2026» turnirida yana bir tennischimiz Mariya Timofeyeva ham ishtirok etmoqda. U ikkinchi davrada belgiyalik Elize Mertens bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA