Futzal: Jahon futbol yulduzlari O‘zbekiston Superkubogida
Bugun, 3-sentabr kuni poytaxtimizdagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston va jahon futboli afsonalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etiladi.
Kecha poytaxtimizdagi “Humo arena” sport saroyida ming-minglab futbol ishqibozlariga futzal zavqini tortiq etgan O‘zbekiston Superkubogi o‘yinlari har jihatdan yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Jahon futbolining yorqin yulduzlari guvohligida futzal bo‘yicha mamlakatning amaldagi chempioni “BMB PFC” hamda kumush medal sohibi va O‘zbekiston kubogi finalchisi “SQB PFC” o‘rtasidagi qarama-qarshilik 2026/2027-yilgi mavsum oldidan kichik futbolning katta quvonchi ko‘rinishini oldi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalardan “BMB” futzalchilari asosiy e’tiborni hujumga qaratdi. Bu o‘z navbatida “SQB” darvozasi oldida ketma-ket xavfli vaziyatlar yuzaga kelishiga olib keldi. Biroq ko‘p holatlarda “BMB” hujumchilariga omad yetishmadi. Boshqa vaziyatlarda esa darvozabon Shavkat Ibragimovning mahorati “SQB”ni gollardan asrab qoldi, deyish mumkin.
[gallery-31232]
Shunday holdagi qarshi hujumning birida “SQB” futzalchilari hisobni ochdi va bu bankchilarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.
Asosan qarshi hujumlar orqali harakatlangan “SQB”ning tajribali futzalchilarining mahorati yakunda o‘z so‘zini aytdi.
Ikkinchi bo‘limning o‘rtalari gollarga boy bo‘ldi. Timur Salimov hamda Boltning gollaridan so‘ng “SQB” farqni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Ammo Jizzaxning “BMB” jamoasi oxirgi daqiqalargacha taslim bo‘lmadi. Jamoaning mahoratli futzalchisi Jayean Aldemironing ikkinchi goli, Vitorning “SQB” darvozasini ishg‘ol etishi uchrashuv taqdiri penaltilar seriyasida hal bo‘lishiga ishora qildi.
[gallery-31233]
“Penaltilar lotereyasi”da esa “SQB” darvozaboni Shavkat Ibragimovning mahorati hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. U ikki bor 6 metrlik nuqtadan yo‘llangan zarbalarni qaytarib, uchrashuvning haqiqiy qahramoniga aylandi. Bu, “SQB” o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritishini ta’minladi.
Taqdirlash marosimida jahon futboli afsonalari, O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidentlari Ravshan Ermatov va Odil Ahmedov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.
Superkubok sovrinini “SQB” PFC jamoasiga Yevropa chempioni Michel Salgado hamda jahon chempioni Marco Materazzi topshirdi.
To‘rt yil mobaynida ilk bor bosh sovrinni raqibiga boy bergan “BMB” jamoasi yangi mavsumga yanada jiddiy kirishishi aniq. Zero, amaldagi mamlakat chempionini xalqaro maydonda — klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati musobaqalari kutib turibdi.
Bugungi Superkubok bahsi nafaqat uning ishtirokchilari, balki yangi mavsumda Oliy ligada qatnashadigan barcha jamoalar uchun ham katta tajriba va o‘ziga xos saboq maktabi bo‘ldi.
Bugun poytaxtimizdagi «Bunyodkor» stadionida O‘zbekiston va jahon futboli afsonalari o‘rtasida o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi millionlar o‘yinining jozibasini ko‘pga tortiq etishi bilan ahamiyatli.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayramiga bag‘ishlangan mazkur tarixiy uchrashuvda O‘zbekiston jamoasi qanday tarkibda maydonga tushadi? Bu savol, tabiiyki, futbol ixlosmandlarini qiziqtirayotgani shubhasiz.
Shu o‘rinda aytish lozimki, yurtimizda mamlakat chempionati o‘yinlari davom etayotganligi sababli, O‘zbek futbolining yorqin vakillari Mirjalol Qosimov, Timur Kapadze, Maksim Shatskix, Ulug‘bek Baqoyev singari nomdorlarimiz o‘z jamoalarining chempionatning navbatdagi tur o‘yinlaridagi ishtiroki bois O‘zbekiston va jahon terma jamoalari qarama-qarshiligidagi o‘yinda maydonga tusha olmaydigan bo‘ldi.
Jahon futbol yulduzlariga qarshi o‘yinda O‘zbekiston jamoasi quyidagi tarkibda maydonga tushadi:
Darvozabonlar: Ignatiy Nesterov, Rustam Umarov. Himoyachilar: Vitaliy Denisov, Hikmat Hoshimov, Sherzod Sharipov, Nodir Eliboyev. Yarim himoyachilar: Odil Ahmedov, Server Jeparov, Leonid Koshelev, Jasur Hasanov, Sanjar Tursunov, Sergey Lebedev, Kamoliddin Murzoyev, Ravshan Ermatov. Hujumchilar: Azamat Abduraimov, Abdulla Bo‘riyev, Ilyos Zeytullayev. Bosh murabbiy: Birodar Abduraimov, yordamchi murabbiy: Ravshan Haydarov.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov(surat), Sarvar Oʻrmonov (surat),
O‘zA