Hindiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevga Sindorovning tarixiy blankasini sovg‘a qildi
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga o‘ziga xos va tarixiy sovg‘ani taqdim etdi.
Bu, hamyurtimiz grossmeyster Javohir Sindorovning Goadagi FIDE “Jahon kubogi-2025” finalida o‘z qo‘li bilan yozgan asl partiya blankasidir.
Aytish lozimki, Javohir Sindorov o‘tgan yilning 31-oktabr - 27-noyabr kunlari Hindistonning Goa shahrida o‘tkazilgan Jahon kubogi musobaqasi finalida xitoylik Vey Ini mag‘lub etib, FIDE Jahon kubogi tarixidagi eng yosh chempionga aylangan va Nomzodlar turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
Narendra Modi taqdim etgan tarixiy partiya yurishlari qayd etilgan ushbu qimmatbaho esdalik charm muqova Javohirning yelkasiga O‘zbekiston bayrog‘ini yopgan holdagi surati bilan birga taqdim etildi.
Hindiston shaxmat federatsiyasi (AICF) ushbu voqeani ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni bog‘lovchi haqiqiy shaxmat diplomatiyasi, deya e’tirof etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA