Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati maxsus iqtisodiy zonasining Angren shahar hududida Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan xorijiy korxona ish boshladi.
Mazkur loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalar asosida turli poliefir kalava iplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada 170 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tadbirda Angren shahar hokimi, korxona ta’sischilari, maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Barcha birgalikda korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik uskunalari va tayyor mahsulotlari bilan tanishdi.

Bu korxona hududda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
***
Bojxona organlari tomonidan fuqarolar salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, sifati kafolatlanmagan hamda noqonuniy aylanmaga kiritilayotgan dori vositalarining oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

“S.Najimov” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelayotgan yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Ko‘rik jarayonida haydovchi tomonidan og‘zaki ma’lum qilinmagan hamda hech qanday hujjatlar bilan tasdiqlanmagan, transport vositasining yukxonasiga yashirilgan 2 ming 378 quti tibbiyot dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar borligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan dori vositalarining umumiy qiymati qariyb 687 million so‘mni tashkil etadi. Hozir mazkur holat yuzasidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
***
Ohangaron tuman tibbiyot birlashmasida aholi salomatligini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan “Salomatlik marafoni” oyligi boshlandi.

Uning doirasida tibbiy ko‘riklar, profilaktik tadbirlar, targ‘ibot ishlari, jismoniy faollikni oshirishga qaratilgan uchrashuvlar va ommaviy aksiyalar tashkil etiladi. Mahallalarda “Salomatlik nuqtalari” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarga bepul maslahat va dastlabki tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi. Shuningdek, ayollar va bolalar salomatligiga alohida e’tibor qaratilib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.
Mazkur tashabbus aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, kasalliklarni erta aniqlash va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA