Media savodxonlik — davr talabi
Bugungi globallashuv jarayonlari, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va axborot oqimining misli ko‘rilmagan darajada ortib borishi jamiyat oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, axborotni to‘g‘ri qabul qilish, uni tahlil qilish va ishonchli manbalarni noto‘g‘risidan ajrata olish ko‘nikmasi har bir fuqaro uchun muhim hayotiy zaruratga aylanmoqda.
Shu maqsadda “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi, O‘zNNTMA Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi, shuningdek, viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va faol yoshlar ishtirokida “Axborot asrida media savodxonlik va ochiqlik” mavzusida amaliy trening tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar hozirgi kunda axborot maydoni keskin kengayib borayotgani, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali tarqaladigan har bir ma’lumotning ham ishonchli bo‘lmasligi jamiyatda media savodxonlik madaniyatini yanada oshirishni talab etayotganini ta’kidladilar. Shu bilan birga, jamoatchilik ishonchi, davlat va fuqarolik institutlari o‘rtasidagi muloqot sifati ham aynan axborot madaniyatiga bog‘liq ekani qayd etildi.

Amaliy mashg‘ulotlar asosida qiziqarli va interaktiv shaklda o‘tgan trening davomida ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanish, sun’iy intellekt imkoniyatlarini to‘g‘ri qo‘llash, nodavlat notijorat tashkilotlarining jamoatchilik oldidagi ijobiy imidjini shakllantirish, shuningdek, feyk axborotlarni aniqlash va tekshirish usullari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, qatnashchilarga kontent reja tayyorlash, axborotni maqsadli auditoriyaga samarali yetkazish, raqamli kommunikatsiya vositalaridan unumli foydalanish hamda media muhitda mas’uliyatli faoliyat yuritish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

– Bugungi axborot asrida to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotni ajrata olish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik bilan samarali muloqot o‘rnatishda media savodxonlik asosiy omillardan biridir. Mazkur trening ishtirokchilarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli muhitda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi, – dedi O‘zNNTMA Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Shakat Madrahimov.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday amaliy treninglar axborot makonida mas’uliyatli yondashuvni shakllantirish, jamoatchilik bilan ishonchli muloqotni mustahkamlash hamda tashkilotlar faoliyatida ochiqlik tamoyillarini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri