"Toshkent to‘y oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Toshkent shahri va viloyatiga xos bo‘lgan, o‘zbek pazandachilik san’atining durdonasi hisoblangan “Toshkent to‘y oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Tarixiy va etnografik manbalarga ko‘ra, Toshkent vohasida palov tayyorlash madaniyati asrlar davomila shakllangan. To‘y oshi — bu shunchaki taom emas, balki kimyo, fizika va biologiya qonuniyatlari mujassam bo‘lgan murakkab jarayon bo‘lib, asosan tong saharda yarimsfera shaklidagi qalin devorli cho‘yan qozonlarda pishiriladi.
Mazkur maqom “Toshkent to‘y oshi” nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi hamda mahsulot sifatining davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi.
“Toshkent to‘y oshi” — ajdodlar merosi, milliy qadriyatlar va xalq ruhining yorqin ifodasi bo‘lib, bugun gastronomik turizmni rivojlantirish hamda milliy brendni xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumot uchun: Geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk ob’ekti.
Sherbek Islomov,
O‘zA