Madaniyat vazirligi faoliyati tahlil etildi
Poytaxtimizda so‘nggi yillarda madaniyat sohasidagi islohotlar haqida hamda “Arda” hujjatli filmining taqdimoti yuzasidan OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda e’tirof etilganidek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida boshlangan islohotlarda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda milliy madaniyatimizni jahonga tanitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda butun jamoatchilik va xalqimizni o‘ylantirayotgan masalalar – san’atkorlar to‘y-tadbirlarga oid faoliyati bo‘yicha soliqqa tortilishi, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim blogerlarning ma’naviyatimizga zid xatti-harakatlariga oid roliklar yuzasidan alohida matbuot anjumaniga hozirlik ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
O‘zbekistonda ilk marotaba sun’iy intellekt asosida tayyorlangan “Arda” hujjatli filmi haqida ham ma’lumot berildi. Xorazm tarixi haqida hikoya qiluvchi ushbu kartina yaqin kunlarda namoyish etiladi. U ilk bora sun’iy intellekt asosida yaratilgan bo‘lib, barcha ma’lumotlar tarixiy va asosli manbalarga ega.
Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida ham bu qadimiy diyorning betakror salohiyati, turistik majmualarning ko‘pligi va jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
“Arda” hujjatli filmi Xiva tarixi, sivilizatsiyasi ko‘rsatilgan sun’iy intellekt orqali yaratilgan realistik tasvirli ilk film bo‘lib, u 2 oy davomida ishlangan. Filmda 15ga yaqin ijodiy jamoa ish olib bordi. Mazkur hujjatli film O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutining Xorazm tarixi bo‘yicha mutaxassislari bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Kartinada mamlakatimizdagi ilk sivilizatsiya, din va madaniyat rivojlanishi, tarixiy obidalar qurilish davri, o‘tmishning murakkab silsilalari o‘ziga xos tarzda aks ettirilgan. Hozirda O‘zbekiston tarixi, Amir Temur haqida qisqa metrajli filmlar ustida ish boshlangan.
N.Usmonova, O‘zA