Nuriddin Aminjonov – 80 yoshda!
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir va xonanda Nuriddin Aminjonov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan adabiy-ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir milliy adabiyot va san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan, ko‘p qirrali ijod sohibi Nuriddin Aminjonovning hayoti va ijodiy merosini chuqur o‘rganish, uning boy tajribasini keng jamoatchilikka yetkazish, ayniqsa yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-28717]
Anjumanda e’tirof etilganidek, Nuriddin Aminjonov ijodida xalqona til, sodda va tushunarli ifoda usuli ustuvor. Murakkab istioralardan ko‘ra, inson qalbiga yaqin, samimiy his-tuyg‘ularni tarannum etishga shoir alohida e’tibor qaratadi.
Nuriddin Aminjonov bolalikdan musiqa va she’riyatga bo‘lgan chuqur mehri bilan ajralib turgan. Bu iqtidor uning keyingi ijodiy yo‘lini belgilab berdi. Toshkentdagi Matbaachilar bilim yurtida tahsil olgan yillaridayoq u ijodiy faoliyatga kirib keldi.
Keyinchalik O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olib, ijod va tahrirchilik faoliyatini uyg‘un holda olib bordi.
Ijodkor o‘z faoliyatini O‘zbek davlat filarmoniyasining ashula va raqs ansamblida boshlab, keyinchalik O‘zbekiston Radioeshittirish va televideniyesi tizimida uzoq yillar samarali mehnat qildi. U yerda u musiqiy eshittirishlar muharriri sifatida nafaqat mazmunli dasturlar tayyorladi, balki respublika bo‘ylab ko‘plab iste’dodli yoshlarni kashf etishga katta hissa qo‘shdi.
Ayniqsa, uning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tanishing yangi ovozlar”, “San’at saodatimdir”, “Qo‘shiq orzum mening” kabi ko‘rik-tanlovlar va “O‘zbekiston kuylagay” radiofestivali milliy san’atimiz tarixida muhim o‘rin tutadi. Ushbu loyihalar orqali yuzlab yosh ijodkorlar katta sahnaga yo‘l oldi.
Nuriddin Aminjonov nafaqat ijrochi va shoir, balki xalq ijodiyoti targ‘ibotchisi sifatida ham katta ishlar qildi. U folklor va baxshichilik san’atini rivojlantirish, uni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish borasida samarali faoliyat olib bordi. Shuningdek, u ko‘p yillar davomida xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plash va yozib olish bilan shug‘ullanib, noyob ijodiy arxiv yaratdi.
Ijodkorning adabiy merosi ham salmoqli bo‘lib, u bir qator she’riy to‘plamlar muallifi. Jumladan, “Dilxiroj”, “Ayla tabassum”, “Intizor kutdim”, “Armonli dunyo”, “Qo‘shiqda ko‘raman olamni”, “Ko‘nglimning suvrati”, “Yillar qo‘shig‘i”, “Shukrona”, “Izhori dil”, “Asrlarga yo‘ldosh Navoiy” kabi asarlari keng kitobxonlar ommasi tomonidan iliq kutib olingan.
Uning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. Jumladan, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” (2016), “Madaniyat va san’at fidokori” (2020), “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni (2023) hamda boshqa qator mukofot va unvonlarga sazovor bo‘lgan.
Bugungi kunda Nuriddin Aminjonov O‘zbek milliy maqom san’ati markazining “Ustoz-shogird maktabi”da faoliyat yuritib, yosh ijodkorlarga milliy ijro an’analari, sahna madaniyati va badiiy matn talqini sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
Tadbir doirasida ijodkorning hayoti va ijodiy merosi haqida ma’ruzalar, uning she’rlari va qo‘shiqlaridan namunalar, san’at va adabiyot namoyandalari ishtirokida xotira va mulohazalar, yosh ijodkorlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Mazkur ijodiy uchrashuv adabiyot va san’at ixlosmandlari, keng jamoatchilik, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda barcha qiziquvchilar uchun ochiq bo‘lib, u milliy madaniyatimizning yorqin namoyandalaridan biriga bo‘lgan ehtirom ifodasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjuman yakunida ijodkorga Yozuvchilar uyushmasi hamda mehmonlarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari