“Telegram” nega kanal va guruhlarni bloklamoqda?
“Telegram” qoidani buzayotganlarga qarshi keskin kurash boshladi. Bir sutkada yuz minglab kanal va guruh bloklanishi messenjer tarixidagi yangi davrdan darak bermoqda.
Umuman, “Telegram” messenjeri ma’muriyati shu yil boshidan qoidabuzarlikka qarshi kurashni sezilarli darajada kuchaytirdi. So‘nggi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, platformada atigi bir sutka ichida 100 000 dan ko‘p kanal va guruh faoliyati to‘xtatilgan. Xususan, 7-aprel kuni muayyan talabga javob bermaydigan 100 700 hamjamiyat o‘chirilgan. Bu yil davomida kuzatilgan eng yirik ko‘rsatkich. Avvalroq, 17-mart kuni ham shunga yaqin miqdorda manbalar cheklangan edi.
2026-yil jami 12 millionga yaqin resurs faoliyatiga chek qo‘yilgan. Bunday guruhlarning aksari ichki xavfsizlik siyosatini buzgani qayd etilgan. Jumladan, 154 798 hamjamiyat behayo material tarqatgani uchun, 53 939 resurs zo‘ravonlikni targ‘ib qilgani yoki terror faoliyati bilan bog‘liqligi sabab bloklangan.
Ayniqsa, dastlabki oylarda nazorat faollashgan. Statistikaga ko‘ra, yanvar oyida har kuni o‘rtacha 300 000 dan ortiq, fevralda esa kuniga qariyb 230 000 kanal va guruh yopilgan. Taqqoslash uchun 2025-yil davomida jami 44 millionga yaqin jamoa taqiqqa uchragani, bu 2024-yilga nisbatan qariyb 2,7 barobar ko‘pligini keltirish kifoya. Ushbu raqamlar “Telegram” ma’muriyati noqonuniy kontentga qarshi kurashda avtomatlashtirilgan nazorat tizimini yanada kuchaytirganini ko‘rsatadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA