Islomobodda AQSH - Eron muzokarasi davri dam olish kunlari deb e’lon qilindi
Islomobod rasmiylari AQSH - Eron muzokarasi davriga to‘g‘ri keladigan 9-10-aprelni dam olish kunlari deb e’lon qildi. Bu haqda “Pakistan Observer” shahar okrugi sudyasi bayonotiga tayanib xabar tarqatgan.
– 2026-yil 9-10-aprel (payshanba va juma) poytaxt okrugi ma’muriy hududida dam olish kuni sifatida belgilandi, – deyilgan bayonotda. – Islomoboddagi kasalxonalar, ma’muriyat va politsiya mahkamalari kabi muhim xizmat ko‘rsatish idoralari bundan mustasno.
Nashr ta’kidlashicha, ushbu chora AQSH va Eron o‘rtasidagi muhim tinchlik muzokarasi oldidan uzluksiz logistika, xavfsizlik va ijtimoiy qulaylikni ta’minlash uchun joriy etildi.
– Shuningdek, bir necha hududda fuqaro va transport vositalari harakatiga cheklov kiritildi, – deb yozdi shu mavzuda “Associated Press of Pakistan (APP) mahalliy yo‘l politsiyasi vakiliga tayanib. – Chorshanba kuni poytaxt yo‘l politsiyasi idorasi fuqarolarni xorijiy delegatsiyalar harakati munosabati bilan qizil hududda qat’iy xavfsizlik chorasi ko‘rilishi va transport cheklovi qo‘llanishidan ogohlantirdi.
Ta’kidlanishicha, “qizil hudud” va shu maqomdagi manzilga tutash maydonlar rasmiy idoralar avtomobillaridan tashqari har qanday transport turi uchun yopiladi. Agentlik manbasi fuqarolarga cheklangan hudud bo‘ylab keraksiz sayohat qilishdan saqlanish ham tavsiya etilganini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumki, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik sulh tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Keyinchalik Islom Respublikasi Oliy Milliy xavfsizlik kengashi Qo‘shma Shtatlar Tehronning o‘n banddan iborat taklifiga rozi bo‘lgani, juma kuni Pokiston poytaxti Islomobodda AQSH bilan muzokara boshlanishini tasdiqladi.
S.Rahimov, O‘zA