Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu ruknda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Xitoy: 2026-yil 7-sentabr kuni “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida xavfsizlikni ta’minlash, transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanishi hamda kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
SHHT doirasidagi hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mehmonlar Fujou shahrida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini tayyorlash va ularning kasbiy malakasini oshirishga mo‘ljallangan o‘quv markazi ochilishi marosimida ham ishtirok etdi.

Belarus: Belarus Milliy texnika universiteti rektori Sergey Xaritonchik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muhokama davomida asosiy e’tibor ilmiy-texnik hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
Ochiq muloqot davomida 2018-yildan buyon izchil davom etib kelayotgan muvaffaqiyatli qo‘shma faoliyat natijasi ham sarhisob qilindi.

Buyuk Britaniya: “MBF Academy” tomonidan Londondagi elchixonamiz ko‘magida O‘zbekistonning nufuzli sug‘urta tashkilotlari rahbar xodimlari uchun o‘quv kursi, trening va seminar tashkil etildi.

Fransiya: Parijdagi elchixonamiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika tez tibbiy yordam markazi hamda Fransiyaning “AP-HP International” tashkiloti vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Muloqot davomida hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan qo‘shma loyihalar amalga oshirish istiqboli muhokama qilindi.

Serbiya: Belgrad shahrida O‘zbekiston – Serbiya iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining ikki tomonlama munosabat tarixidagi ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda savdo-iqtisodiyot, investitsiya kabi muhim sohalarda sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish masalasi ko‘tarildi.

Yaponiya: O‘zbekistonning Tokiodagi elchixonasida “Seeds Asia” kompaniyasi rahbari E.Sunozaki va taniqli opera xonandasi N.Xiraoka bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida o‘zbek-yapon madaniy hamkorligini yanada rivojlantirish, san’atkorlar o‘rtasida ijodiy aloqa ko‘lamini kengaytirish hamda qo‘shma madaniy tadbirlar tashkil etish mavzulari tahlil qilindi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA