Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabar, kuzatuv va baholar berib boriladi. Bu jarayon mamlakatimizdagi islohotlar, iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va media sohasidagi yangilanishlar xalqaro axborot makonida qanday aks etayotganini ko‘rsatadi.
BelTA: Belarus va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida eksportdan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tmoqda

“BelTA” Belarus va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Minskda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Yuriy Gorlov hamda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘rtasidagi uchrashuvda agrar sohadagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalasi muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, yanvar-iyul oylarida oziq-ovqat mahsuloti va qishloq xo‘jaligi xom ashyosi bo‘yicha tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foiz o‘sgan. Belarus eksporti 46 foiz ko‘paygan. Asosiy mahsulotlar – go‘sht, sut, shakar va yirik shoxli qoramol.
Nashr yozishicha, hamkorlik oddiy eksport munosabatidan texnologiya transferi va qo‘shma korxona tashkil etish bosqichiga o‘tmoqda. O‘zbekistonlik sarmoyadorlar uchun Belarusning uch viloyati 15 tumanida joylashgan qariyb 30 qishloq xo‘jaligi korxonasi bilan sheriklik nazarda tutilgan loyihalar to‘plami shakllantirilgan. Tomonlar logistika xabi tashkil etish, seleksiya va urug‘chilik, sutni qayta ishlash yo‘nalishlarida umumiy sa’y-harakatni kuchaytirishga kelishib olgan.
APP: O‘zbekiston Rossiyada turistik salohiyatini namoyish etdi

Pokistonning APP axborot agentligi Moskvada O‘zbekistonning turistik salohiyati taqdimoti o‘tkazilgani haqida xabar berdi.
“International Discussion Club Vision-3000” tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar mamlakatimizdagi tarixiy va madaniy meros, asosiy sayyohlik yo‘nalishlari, zamonaviy turistik infratuzilma, sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyat bilan tanishtirilgan.
Qayd etilishicha, taqdimotda Rossiya bilan sohadagi aloqani rivojlantirishga qaratilgan ochiqlik siyosatiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, 2026-yil dastlabki yetti oyida mamlakatimizga rossiyalik sayyohlar oqimi tezlashganiga urg‘u berilib, jarayonni yanada kuchaytirish choralari muhokama qilingan. Shu bilan birga, 25-27-noyabr kunlari o‘tkaziladigan 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi haqida ham ma’lumot berilgan.
WAM: Samarqandda yosh parlamentariylar raqamli huquqni himoya qilish masalasini muhokama qildi

BAAning WAM axborot agentligi Samarqandda o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoq yosh parlamentariylarining XII global konferensiyasi doirasida raqamli huquqni himoya qilish masalasi muhokama qilinganini yoritdi.
4-6-sentabr kunlari o‘tkazilgan anjumanda BAA Federal milliy kengashi a’zosi Sara Muhammad Falaknoz raqamli huquq zamonaviy sharoitda inson huquqining uzviy davomiga aylanganini ta’kidlagan. Shuningdek, raqamli muhitda shaxsiy ma’lumotni himoya qilish, kiber xavfsizlik, noto‘g‘ri axborot, sun’iy intellekt asosida yaratilgan axborot va dipfeyk bilan bog‘liq xatarga e’tibor qaratgan.
Xovar: O‘zbekiston va Tojikiston partiyalari hamkorligi yangi bosqichda

Agentlik Toshkentda Tojikiston Xalq demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari o‘rtasidagi uchrashuvni yoritdi. Muloqotda partiyalararo munosabatni mustahkamlash, tajriba almashish va ikki siyosiy guruh o‘rtasidagi aloqa ko‘lamini kengaytirish masalasi ko‘tarilgan.
Tojikiston Xalq demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Tomonlar siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar soha, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, partiya tuzilmalari tajribasini o‘rganish bo‘yicha sheriklikni rivojlantirishga kelishib olgan.
ANSA: Turin universiteti O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotni kuchaytirmoqda

Italiyaning ANSA nashri Turin universiteti va Toshkentdagi Xalqaro kimyo universiteti o‘rtasidagi hamkorlik istiqboliga e’tibor qaratdi.
Muayyan kelishuvga ko‘ra, yurtimizda Turin universiteti ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xususan hamshiralik va boshqa tibbiy kasblar bo‘yicha mutaxassis tayyorlash imkoniyati ko‘rib chiqilgan. Talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqot va “Erasmus+” loyihalarini amalga oshirish zarurligi ma’qullangan.
Sinxua: Oxirgi sakkiz oyda O‘zbekistonga 9,1 million xorijlik sayyoh kelgan

Xitoydagi axborot hamkorimiz O‘zbekistonga xorijiy sayyoh oqimi sezilarli darajada oshganiga e’tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, yanvar-avgust oylarida mamlakatimiz 9,1 million turistni qabul qilgan. Bu raqam o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,1 foiz ko‘p. Shundan 7,7 million sayyoh yanvar-iyul oylari oralig‘ida, 1,4 million esa avgust oyida kelgan. Hisobot davrida ayni yo‘nalish bo‘yicha xizmat eksportidan olgan daromadimiz 4,6 milliard dollarga yetgan – 53,5 foiz o‘sish.
Dilshod Hakimov, O‘zA