Tamaki sanoatida xalqaro standartlar joriy etiladi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda “Tashkent Tobacco” MCHJ rahbariyati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda tamaki sanoatini rivojlantirish, sohada amalda qo‘llanilayotgan standartlar, texnik reglamentlar hamda muvofiqlikni baholash tartib-taomillarini xalqaro talablar asosida yanada takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar sohadagi me’yoriy-huquqiy bazani ilg‘or xalqaro tajriba va amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, ishlab chiqarish va import jarayonlarida shaffoflikni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda tamaki mahsulotlari importi bilan shug‘ullanuvchi yigirmadan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritmoqda. Bu esa sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va sifat nazoratini kuchaytirishni talab etmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi tegishli farmonining mazmun-mohiyati yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berildi. Mazkur hujjatning tarmoqni modernizatsiya qilish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tamaki sanoati sohasini xalqaro talablar asosida yanada takomillashtirish, o‘zaro tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA