Qoraqalpog‘iston – Xitoy: hamkorlik masalasi muhokama qilindi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifining ikkinchi kuni Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanib borayotganligini alohida ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibori bilan investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish hamda kaustik soda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda boshqa sohalarda amaliy investitsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish borasida 8 ta yo‘nalishda taklif bildirildi.

Shinjon-Uyg‘ur xalq partiyasi kotibi Chen Syaotszyan zamonaviy qishloq xo‘jaligi, mutaxassislarni qayta tayyorlash, yashil iqtisodiyot, ekologiya, savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda turizmni rivojlantirish borasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarida hamkorlikka tayyorligini bildirib, 4 ta yo‘nalishda qo‘shimcha ishlash bo‘yicha kelishib olindi.

Shuningdek, Shinjon qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Alif Ersi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda chorva ozuqa bazasi uchun ekiladigan o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Xitoy tajribasini tatbiq etish hamda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi va ushbu yo‘nalish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.