Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa sohaga tegishli tashkilotlar, yirik korxonalar, bank-moliya aksiyadorlik jamiyatlari hamda boshqa tegishli korxona va tashkilotlar ishtirok etishdi.

Mehnat yarmarkasi davomida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash maqsadida shartnomalar imzolandi. Shuningdek, ishsiz fuqarolarga mehnat qonunchiligi, mavjud ish o‘rinlarida belgilangan imtiyoz va kafolatlar, ish o‘rinlari, ishga joylashish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.
***
Beruniy tumanida “O‘yinga asoslangan ta’lim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik o‘yinlar” festivali o‘tkazildi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘yinga asoslangan ta’lim metodikasini keng joriy etish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyasi va ijodiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim-tarbiya jarayoniga innovatsion didaktik o‘yinlarni tatbiq etishni rag‘batlantirishdan iborat.
Festivalda tumandagi 45 ta Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidan jamoalar ishtirok etdi. Tanlov davomida jamoalarga belgilangan mavzu asosida didaktik o‘yinni yaratishda foydalaniladigan texnik vositalar hamda materiallar jamoalar tomonidan erkin tanlanib, rivojlantiruvchi didaktik o‘yin ishlab chiqildi hamda 90 daqiqa vaqt ichida uni hakamlar hay’atiga taqdim etdilar.
Hakamlar hay’atining yakuniy natijasida birinchi o‘rinni 20-sonli, ikkinchi o‘rinni 51-sonli hamda uchinchi o‘rinni 5-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogik jamoalari egalladi.
***
Davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatini ko‘rsatuvchi “Nukus eco city trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatga 6 dona zamonaviy elektr motoroller lizing asosida topshirildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, tuman hokimliklari hamda mas’ul tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan topshirilgan ushbu motorollerlar mahallalarning tor ko‘chalarida ham erkin harakatlana olishi va chiqindilarni tashishda qulayligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ikki kishilik salon yoz va qish mavsumlariga mos sovitish hamda isitish tizimlari bilan jihozlangan.
***
Taxiatoshdagi ixtisoslashtirilgan maktabning sport maydonchasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan mini-futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarining tuman bosqichi g‘oliblari aniqlandi.

Finalda o‘g‘il bolalar o‘rtasida “Jayxun” mahalla fuqarolar yig‘ini, qizlar o‘rtasida “Keneges” ovul fuqarolar yig‘ini jamoalari birinchi o‘rinlarni egalladi. G‘oliblar musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.