Tadbirkor ayollar “Zakovat”da bellashdi
FOTOREPORTAJ
“Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi “Zakovat” intellektual klubi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonda ilk bor tadbirkor ayollar uchun intellektual o‘yin o‘tkazdi.
Intellektual bahslarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlari va Nukus shahridan 34 ta jamoa tarkibida 204 nafar tadbirkor xotin-qiz ishtirok etdi. O‘yinning umumiy sovrin jamg‘armasi 36 million so‘mni tashkil etdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, “Hamroh” jamoasi, shuningdek, “Zakovat” intellektual klubi vakillari ishtirok etdi.
– Tadbirkorlik har kuni ma’lumotlarni tahlil qilish, tez qaror qabul qilish va boshqalar bilan hamkorlikda ishlash qobiliyatini talab qiladi, - deydi “Hamroh” kompaniyasi bosh direktori Dilfuza Nurmatova. – Shuning uchun “Zakovat” biz uchun shunchaki intellektual o‘yin emas. Balki, tadbirkor ayollar uchun bir-birining kuchli tomonlarini ko‘rish, yangi formatda tanishish hamda qo‘shma g‘oya va loyihalar yaratish imkonidir.
[gallery-31390]
O‘yin davomida jamoalar kuchli uchlikdan joy olish uchun kurash olib bordi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, Nukus tumanining “Arular” jamoasi birinchi, Qonliko‘l tumanining “Yangi Qonliko‘l” jamoasi ikkinchi, Amudaryo tumanining “Mulkxonim” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA