"Atlas bayrami" festivali: qadimiy choklar zamonaviy ijodda aks ettirildi
"Atlas bayrami" festivali doirasida taniqli usta kashtado‘z Madina Qosimboyeva boshchiligida milliy kashtachilik san’ati bo‘yicha amaliy mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, kashtachilik mamlakatimiz amaliy-bezak san’ati turlari orasida o‘zining qadimiy an’analariga ega bo‘lgan ayollar shug‘ullanib kelgan san’at turi hisoblanadi. O‘zbek kashtalarining noyobligi va go‘zalligi, uning bezak-naqshlari va texnik usullarining ko‘pligi va qadimligi ushbu san’atning boy an’analaridan dalolat beradi.

Mashg‘ulot davomida O‘zbekistonning boy kashtachilik maktabi an’analari, qadimiy so‘zana va ilmoq uslublarini saqlab qolgan holda ularga yangicha hayot bag‘ishlash usullari ko‘rsatib berildi. Amaliy mashg‘ulotlarda kashtachilik yo‘nalishida qadimiy chok turlari, yo‘rmado‘zlik, bosma va iroqi chok texnikalari amalda qo‘llanildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga kashta tikayotganda kompozitsiya va ramziylik, kashtadagi an’anaviy gul va naqshlar, jumladan, anor, bodom gullarini solayotganda ma’nosini to‘g‘ri tanlash hamda matoga tushirish xususida tushunchalar berildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA